AsosiyJamiyat

Samarqandda bir oilaning 5 a`zosi zaharlanib, ikki nafari vafot etgani bo`yicha qo`shimcha ma`lumot berildi

'Samarqandda bir oilaning 5 a`zosi zaharlanib, ikki nafari vafot etgani bo`yicha qo`shimcha ma`lumot berildi'ning rasmi

Avval xabar qilganimizdek, Samarqand viloyati Qo`shrabot tuman "Zarmitan" MFYda yashovchi fuqaro S.N. xonadonida uyda, qo`lbola usulda tayyorlangan bodring konservasini iste`mol qilish natijasida 5 kishida ovqatdan zaharlanish (botulizm) holati sodir bo`lgan.  

Mazkur holat bo`yicha Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo`mitasi  qo`imcha ma`lumot taqdim etdi. 

Ma`lum qilinishicha, 2023 yilning 6 yanvar kuni soat 15:30 atrofida Qo`shrabot tuman "Zarmitan" MFY, Zarmitan qishlog`ida yashovchi 1971 yilda tug`ilgan fuqaro N.S. xonadonida yashovchi oila a`zolaridan, turmush o`rtog`i 1972 yil tug`ilgan bemor F.S., shuningdek, 3 nafar farzandi 1996 yilda tug`ilgan D.E., 1998 yil tug`ilgan Sh.E. va 2008 yilda tug`ilgan B.E. tuman tibbiyot birlashmasining reanimasiya bo`limiga ovqatdan zaharlanish -botulizmga gumon tashxisi bilan yotqizilgan.

Qo`shrabod tuman Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo`limi xodimlari tomonidan bemorlarning otasi N.S.dan so`rab surishtirilganda 2023 yil 5 yanvar kuni soat 17:30-18:00 atrofida oila a`zolari  go`shtli to`g`rama sho`rva bilan  uyda qo`lbola usulda tayyorlagan pomidor-bodring tuzlamasini  iste`mol qilganligi aniqlangan.            

Bemorlar Qo`shrabod tuman tibbiyot birlashmasi shifokorlari tomonidan ko`zdan kechirilganda botulizmga xos klinik belgilar kuzatilgan hamda “ovqatdan zaharlanish botulizm” tashxisi quyilgan. Bemorlarda nafas olishdagi patologik o`zgarishlar bo`lganligi sababli sun`iy nafas olish apparatiga ulanib, shifokorlar tomonidan zarur tibbiy muolajalar olib borilgan.                

2023 yil 14 yanvar kuni soat 8:30da 1998 yil tug`ilgan Sh.E. ko`rsatilgan reanimasion yordamga qaramasdan o`tkir yurak va nafas etishmovchiligi natijasida “Ovqatdan zaharlanish - botulizm bulbar sindromi”  tashxisi bilan shifoxonada vafot etgan. 26 yanvar kuni soat 21:30da 1996 yilda tug`ilgan D.E. ko`rsatilgan reanimasion yordamga qaramasdan o`tkir yurak va nafas etishmovchiligi natijasida “Ovqatdan zaharlanish botulizm bulbar sindromi” asorati  tashxisi bilan vafot etgan.  

2008 yilda tug`ilgan B.E.ning ahvoli yaxshilanganligi uchun 17 yanvar kuni reanimasiya bo`limidan yuqumli kasalliklar bo`limiga o`tkazilgan. Bemor F.S.ning ahvoli yaxshilanib, botulizmga xos klinik belgilari qolmagan. Shifoxonadagi bemorlarga spesifik, simptomatik va dezintoksikasion davo muolajalari davom ettirilmoqda. Shuningdek, tuman tibbiyot birlashmasining yuqumli kasalliklar bo`limida davolanayotgan 1971 yilda tug`ilgan fuqaro N.S.ning botulizmga xos klinik belgilari qolmaganligi hamda ahvoli yaxshilanganligi sababli 23 yanvar kuni qoniqarli ahvolda uyiga javob berilgan.

Ushbu holat bo`yicha kasallik qayd etilgan xonadondan olingan uy sharoitida tayyorlangan pomidor-bodring tuzlamasi hamda bemorlardan olingan biomateriallar viloyat Samarqand viloyat Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasining bakteriologiya laboratoriyasida tahlildan o`tkazilganda uy sharoitida tayyorlangan pomidor-bodring tuzlamasi va bemorlar qusuq massasidan “botulizm” qo`zg`atuvchisi aniqlangan.

 

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar