1

"Seni ham o`ldiraman va sendan qutulaman". Buxoroda erkak xotinini qasddan o`ldirdi

Jinoyat 01.02.2023, 12:11
"Seni ham o`ldiraman va sendan qutulaman". Buxoroda erkak xotinini qasddan o`ldirdi

Avval bosqinchilik va giyohvand moddalar etishtirish bilan ayblangan fuqaro bu gal mast holatda xotinini qasddan pichoqlab o`ldirdi. Bu haqda Oliy sud xabar bermoqda.

Sud hujjatlariga ko`ra, G`ijduvon tumani, "Zarangari" MFY, Kalon qishlog`ida yashovchi 46 yoshli Zarif Ro`ziev (ism-familiyasi o`zgartirilgan) voqeadan bir kun ilgari ukasining tug`ilgan kuniga bora olmagani uchun tong sahardanoq uning xonadonida bo`lgan va  spirtli ichimlik iste`mol qilgan.

Ukasining uyidan o`z uyiga mast holatda qaytgan va turmush o`rtog`i Vazira Ro`zieva (ismi familiyasi o`zgartirilgan) bilan o`zaro kelishmovchilik sababli janjallashib qolgan. Bu paytda ularning janjaliga qarshilik ko`rsatayotgan o`g`liga po`pisa qilib, uni tomorqadagi ekin erini ag`darishga chiqarib yuborgan, Qizidan esa ko`chadagi do`kondan sigaret keltirib berishini talab qilgan. Farzandlari chiqib ketishgach, u yana 0,5 litrli aroqni ichgan.

Xotinini urib, tepib, so`kib, uydan chiqib ketishini talab qilgan. Uni yoqtirmasligini, birga yashash istagi yo`qligini, agar chiqib ketmasa, o`ldirishini aytgan.

Erining vajohatidan jahllangan ayol erini sansirab, hech qaerga ketmasligini, unga xonadondan o`zi chiqib ketishini aytgan.

Ko`ziga qon to`lgan Zarif "Ikki marta qamalib chiqqanman. Seni ham o`ldiraman va sendan qutulaman. Uzog`i bilan 4-5 yil qamoqda o`tirib, yana qaytib chiqaman", — degan va xotinining chap tomon ko`kragi yuqori qismidan bir marotaba tepadan-pastga yo`nalishda zarb bilan urgan. Ayol erga yiqilib, voqea joyida vafot etgan.

Aybdorning sudda aytgan so`ziga ko`ra, u avvaliga xotini o`lganini bilmagan. Hammayoq qonga to`lgach, farzandlarini baqirib chaqirgan. Bolalari etib kelgach, ulardan zudlik bilan tez yordam va ichki ishlar xodimlariga qo`ng`iroq qilishlarini so`ragan.

Aniqlanishicha, 25 yildan buyon birga umrguzaronlik qilgan er-xotinlar doimiy ravishda janjallashib kelishgan. Hech qaerda ishlamaydigan Zarif Ro`ziev faqatgina o`zining spirtli ichimlik iste`mol qilishi uchungina mardikorlik orqali pul topib kelgan. Uy-ro`zg`ori va bolalari haqida mutlaqo qayg`urmagan.

U 2002 yilda Jinoyat kodeksining 164-moddasi (bosqinchilik) 2-qismining “a” va “b” bandlari bilan 5 yil ozodlikdan mahrum qilingan, 2016 yilda esa Jinoyat kodeksining 270-moddaci (taqiqlangan ekinlarni etishtirish) 1-qismi bilan 1 yilga axloq tuzatish ishlariga hukm qilingan.

"Oxirgi yillarda kuyovimiz hatto mardikorlik ham qilmay qo`ydi. Boyaqish qizimning o`zi farzandlarini boqib, uy-ro`zg`or tebratdi, pul topish uchun erining qistovi bilan ikki yil Rossiyada ishlab keldi. Sog`lig`idan ajralib qaytgach, qishlog`idagi to`yxonada xizmatchi bo`lib ishladi. Idish-tovoq yuvib, pol artib, tirikchilik qilib keldi. O`rtalarida juda ko`p janjal bo`lardi. Bir necha marotaba urib, tan jarohatlari ham etkazdi.  Qizim shikoyat qilganda, azbaroyi, o`zbekchilik, "odamlar nima deydi", degan o`yda sabrga chaqirib keldik. Erining xatti-harakatlaridan norozi bo`lib, biror marotaba biror joyga murojaat qilmagan", — dedi marhumaning onasi sudda.

Sud majlisida marhumaning onasi kuyovi qizini qasddan o`ldirganini, unga qonuniy jazo berilishi lozimligini bildirib, ko`rsatma bergan. Aybdor qilmishiga iqror bo`lib, har qanday jazoga loyiqligini bildirgan.

Jinoyat ishlari bo`yicha Vobkent tuman sudi hukmiga ko`ra, ayblanuvchi O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 97-moddasining (Qasddan odam o`ldirish. Ayblanuvchi o`n yildan o`n besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli, deb topilgan va unga shu modda bilan 13 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1