Sal avval Qoraqalpog`iston IIV Jinoyat qidiruv boshqarmasi bo`limining sobiq boshlig`i Po`lat Shamshetov Nukus voqealari bo`yicha hukm chiqarilgandan ko`p o`tmay vafot etgani haqida xabar qilingan edi. Shundan so`ng, uning o`limi yuzasidan Maxsus komissiya tekshirish o`tkazishini ma`lum qildi.
Ayni paytda holat bo`yicha Bosh prokuratura rasmiy bayonot berdi.
Ma`lum qilinishicha, 2023 yil 4 fevral kuni O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamentiga qarashli 4-sonli tergov hibsxonasida saqlanayotgan mahkum Polat Shamshetov (Qoraqalpog`iston Respublikasi IIV sobiq xodimi) to`satdan vafot etgan.
Sudning hukmi bilan P.Shamshetov Jinoyat kodeksining 244-moddasi 3-qismi bilan aybli deb topilib, 3 yil mansabdorlik lavozimlarida va ichki ishlar tizimida ishlash huquqidan mahrum etilgan va 6 yil ozodlikdan mahrum qilingan.
Hodisa joyi Buxoro viloyati prokurori rahbarligidagi tezkor-tergov guruhi, viloyat IIB boshlig`i, sud-tibbiy ekspertiza mutaxassislari va xolislar ishtirokida ko`zdan kechirildi.
Mazkur ko`zdan kechirish jarayonlarida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo`yicha (Ombudsman) Buxoro viloyati mintaqaviy vakili, P.Shamshetovning advokati va yaqin qarindoshlarining ham ishtiroki ta`minlandi.
O`lim sabablarini aniqlash maqsadida sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan
Sud-tibbiy ekspertizasi ishchi guruhining dastlabki ma`lumotiga ko`ra, marhum o`pka arteriyasi tromboemboliyasi, o`tkir yurak-qon tomiri etishmovchiligi oqibatida vafot etgan.
Hozirda Buxoro shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Ma`lumot uchun: Po`lat Shamshetov Qoraqalpog`istonning birinchi prezidenti Dauletbay Shamshetovning o`g`li bo`lgan.