1

Janubiy Koreyaning "KOFIH" jamg`armasi o`zbekistonlik shifokorlarga ayollarda odam papilloma virusini aniqlash va bachadon bo`yni saratoni kasalligi diagnostikasida yordam beradi

Salomatlik 13.02.2023, 23:18
Janubiy Koreyaning "KOFIH" jamg`armasi o`zbekistonlik shifokorlarga ayollarda odam papilloma virusini aniqlash va bachadon bo`yni saratoni kasalligi diagnostikasida yordam beradi

Bugun Sog`liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov Koreya xalqaro sog`liqni saqlash jamg`armasi (KOFIH) Prezidenti Kim Chan Yop bilan muloqot o`tkazdi.

 

Qayd etilishicha, KOFIH — Koreya Respublikasining sog`liqni saqlash va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi huzuridagi jamg`arma bo`lib, bugungi kunda mazkur tashkilot dunyoning qator mamlakatlarida tibbiyot tizimini rivojlantirish bo`yicha ilg`or loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. 

 

Keyingi yillarda O`zbekistonda ham ushbu jamg`arma tomonidan sog`liqni saqlash hamda tibbiyot kadrlarini tayyorlash bo`yicha olib borilayotgan ishlar yurtimizda shoshilinch tibbiy yordam, onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etyapti.

 

Birgina Respublika tez tibbiy yordam markazi va uning Samarqand hududiy filialida “Shifoxonagacha shoshilinch tibbiy yordam xizmati salohiyatini oshirish” grant loyihasi doirasida simulyasion markazlarning tashkil etilishi aholiga ushbu yo`nalishda ko`rsatilayotgan xizmat sifatini yanada yaxshilashga zamin yaratdi.

 

Shuningdek, Respublika virusologiya ilmiy-tekshirish instituti hamda KOFIH hamkorligida Toshkent shahri, Samarqand va Andijon viloyatlarida istiqomat qiluvchi ayollar o`rtasida odam papilloma virusini aniqlash va bachadon bo`yni saratoni kasalligi diagnostikasini takomillashtirish bo`yicha pilot loyiha yo`lga qo`yildi.

 

Poytaxtimizdagi Bolalar milliy tibbiyot markazida mamlakatimiz Prezidenti topshirig`iga asosan tibbiyot sohasida boshqaruv yo`nalishida kadrlar salohiyati va malakasini oshirish hamda u orqali bolalar salomatligini yanada mustahkamlash borasida joriy etilgan yangiliklarni ham ikki tomonlama hamkorlikning samarasi, deya baholash mumkin.

Uchrashuvda “Shifoxonagacha shoshilinch tibbiy yordam xizmati salohiyatini oshirish” loyihasining 2-bosqichini amalga oshirish, Toshkent tibbiyot akademiyasida yuqori texnologiyali muolajalarga ixtisoslashgan malakali kadrlarni tayyorlash hamda ayollar orasida odam papilloma virusini aniqlash va bachadon bo`yni saratoni kasalligi diagnostikasini takomillashtirish bo`yicha ishlar  davom ettirishga kelishib olindi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1