Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqanddagi mahalliy blogerlardan biri mast holatda restoranda janjal ko`targani, ishchilarga kuch ishlatishga uringani, shuningdek, ichki ishlar xodimlarini haqorat qilganligi aks etgan video tarqaldi. Holat yuzasidan Samarqand viloyati IIB matbuot xizmati ma`lumot taqdim etdi.
Ma`lum qilinishicha, 2023 yil 12 fevral kuni Samarqand shahrida yashovchi fuqaro M.A. Samarqand shahridagi "Istiqlol" restoranida ovqatlanib, spirtli ichimlik ta`sirda, restoran ish faoliyatini yakunlash arafasida restoran ishchilaridan qo`shiq aytish uchun mikrafon so`ragan.
Restoran ishchilari ushbu restoranda "karaoke" yo`qligi hamda restoran ish faoliyatini tugatganligini tushuntirmoqchi bo`lganida, fuqaro M.A. ishchilarni uyatsiz so`zlar bilan haqorat qilib, ularni urmoqchi bo`lgan.
Restoran ishchilari hodisa joyiga Milliy Gvardiya qo`riqlash xizmatini chaqirishgan. Qo`riqlash xizmati xodimlari fuqaro M.A. ni tinchlantirishmoqchi bo`lganida u xodimlarining qonuniy talablariga bo`ysunmay, ularning xizmat faoliyatiga faol qarshilik ko`rsatgan.
Shundan so`ng, M.A. Samarqand shahri bo`yicha IIO FMB 2-son IIBga olib kelinib, u bilan suhbat o`tkazilib, xodimlar uni tinchlantirishmoqchi bo`lganda M.A. me`yoridan ortiq spirtli ichimlik istemol qilgani sababli baqir-chaqir qilib, kapitan D.Shodmonovning sha`ni, qadr-qimmatini kamsitib, uyatli so`zlar bilan haqorat qilgan.
Hozirda holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.