1

“O`zimni kechasi kerak bo`lib qoladigan jonsiz qo`g`irchoqdek sezayapman” bir muammoga uch echim

SUG'DIYONA 26.09.2016, 13:49
Teglar: Ayol, Erkak, Oila, Er-xotin
“O`zimni kechasi kerak bo`lib qoladigan jonsiz qo`g`irchoqdek sezayapman”  bir muammoga uch echim

Tahririyatimizga tashrif buyurib, xoliroq joyda gaplashib, shu paytgacha hech kimga aytolmay kelayotgan hasratlari haqida sirlashish niyati borligini bildirgan ayolning hikoyasini o`zgacharoq tarzda hukmingizga havola etish fikrini berdi. Chunki uni qiynayotgan, o`ylantirayotgan muammolar hayotda ko`p uchraydi. Tanishib ko`ring, balki bu hasratlar sizga ham tanishdir…

 «…Dardimni hech kimga aytolmayman. Kimgadir aytsam ham meni noto`g`ri tushunishlaridan qo`rqaman. Uyalaman ham… Lekin shunday davom etaversa, kun kelib oilam buzilib ketishi hech gap emas. Chunki hamma narsaning ham chegarasi bor. Men boshqa chidolmayman…

Gap shundaki, erim bilan sevishib turmush qurganmiz. To`ydan oldin u meni eru ko`kka ishonmasdi. O`g`lim tug`ilguncha ham hammasi yaxshi edi. Keyin erim o`zgara boshladi. Bo`lar-bo`lmasga baqiradigan, hech bir ishimdan ko`ngli to`lmaydigan bo`ldi. Qizim tug`ilgandan keyin esa avvalgi mehribon erimdan asar ham qolmadi. Bo`lar-bo`lmasga do`pposlab qolishiga ham ko`nikib qolgandim. Lekin hammaning oldida izzat-nafsimga tegadigan gaplar bilan haqoratlashi alam qiladi. Bunisi ham mayli, eng alam qiladigani… urib-urib, hovuridan tushgach, o`sha zahoti yotoqxonaga sudraydi. Kaltaklaridan so`ng yig`layapmanmi, biror joyim og`riyaptimi, yoki oy kunlarimmi, bular uni qiziqtirmaydi. Axir men ham insonman! Ayolman! Mening ham sevib-sevilgim keladi, bolalarimning otasi — jufti halolimdan shirin so`zlar eshitishni, menga e`tiborli, mehribon bo`lishini xohlayman! Hozir-chi? Bir uyda yashasak-da, begonalardekmiz. O`zimni ahyon-ahyonda kechasi kerak bo`lib qoladigan jonsiz qo`g`irchoqdek sezayapman. Bu mavzuda onam bilan gaplasholmasam. Bolalarimning kelajagi uchungina chidab kelayapman. Menga maslahat bering, qanday yo`l tutay? Oilamni saqlab qolib, tinch-totuv yashashning imkonini topa olamanmi?..»

 «Bitim» tuzing!

Kamola QARShIEVA, ruhshunos: — Xohlaymizmi-yo`qmi, ko`p gap yotoqxonadagi muammolarga ham borib taqaladi. Bu o`rinda muammo ayolning loqaydligi yoki erkakning qanoatsizligidan kelib chiqayapti. Ehtimol ayol mehri, e`tiborini farzandlaridan orttirib, eriga ko`rsatolmayotgandir. Yoki oddiy muomala jarayonining ham bunga ta`siri bor. Masalan, er ishdan qaytganda ayoli peshvoz chiqib kutib olmasa, shirin so`zlar, mazali taomlar bilan siylamasa, erkak uchun bu katta e`tiborsizlik. U o`zini keraksizdek his qiladi. Bora-bora bu his murakkablashib, nevroz holatini keltirib chiqarishi mumkin. Demak, erkakni ayolning o`zi shu holatga olib kelgan. Natijada er buning uchun ayolini «ayblab», «qasd olish» uchun uni do`pposlash, yotoqxonada «alamini olish» yo`liga o`tadi. Bunda nafaqat ruhshunosning, balki seksopatologning ham maslaxati zarur.

Nima qilish kerak? Juftingiz bilan ruhiy osoyishtalik muhitida bafurja gaplashib oling. E`tiborsiz bo`lganingizni «tan oling». Barcha oilaviy, ruhiy muammolarni hamfikrlikda hal qilishga kelishib oling. «Bitim» muvaffaqiyatli yakun topgach, juftingiz uchun vafodor, e`tiborli, shirinso`z, go`zal, ozoda yorga aylanishga urining. Erkaklar maqtovlarni juda yaxshi ko`rishadi. Shuning uchun uni tez-tez maqtab turing. Lekin me`yorni unutmang. Oltin o`rtalikni ushlay olsangiz, marra sizniki!

Hammasi o`z qo`lingizda!

L.Ahrorova, seksopatolog: — Bu keng tarqalgan, lekin yashirin muammo. Bizda bu borada gapirishni uyat bilishadi, oilasi jar yoqasida turgan bo`lsa ham andisha qilishadi. Ammo unutmaslik kerakki, oila mustahkamligi, er-xotinning o`zaro munosabatlarida, oilaviy muhitning ijobiy tusda bo`lishi ko`p jihatdan jinsiy hayotga ham bog`liq. Chunki yotoqxonadagi muammolar oilaviy muhitning salbiy tomonga o`zgarishiga, munosabatlarning ziddiyatli holga kelishiga ham sabab bo`ladi. Ushbu vaziyatda farzandli bo`lgandan keyin erning o`zgarib qolishiga bir qancha omillar ta`sir etgan bo`lishi mumkin. Masalan, bunda birinchi sabab tug`ruq bilan bog`liq. Ma`lumki, tug`ruqdan so`ng ayol jinsiy yo`llari ilgarigidek bo`lmayd. Bu esa erkakka qoniqish hissini bermasligi mumkin. Ahvol shu tarzda davom etaversa, munosabatlar soviy boradi. Bunday vaziyatda ayol tug`ruqdan keyin mutaxassislar Bilan maslahatlashgan holda jinsiy yo`llar mushaklarini taranglashtirish, toraytirish uchun maxsus mashqlar bajarib turishi lozim.

Ikkinchi sabab erkakka e`tibor etishmayotganligida. Odatda aksariyat ayollar tug`uruqdan so`ng farzandining parvarishiga boshi bilan sho`ng`ib ketib, erini deyarli unutib qo`yishadi. Bu e`tiborsizlik esa erkakka yoqmaydi. «Endi unga kerak emasman» degan o`y tufayli erkakning o`ziga bo`lgan ishonchi susayib boradi. Erkakning o`ziga nisbatan ishonchi yo`qolganda esa, u o`zini g`ururi toptalgandek sezib, alamini kimdan olishni bilmay qoladi. Natijada oilada kelishmovchiliklar bosh ko`taradi. Shuning uchun farzandingiz siz uchun qanchalar aziz bo`lsa ham turmush o`rtog`ingizga nisbatan e`tiborsiz bo`lmang.

Uchinchi sabab ayolning gigiena qoidalariga rioya etmasligi. Jinsiy hayot o`ta nozik. Unga zarradekkina ko`ngilsizlik yoki bir og`iz so`z ham, taralmagan sochlar yoki yarashmagan kiyim ham ta`sir etadi. Shu bois hamisha juftingizga chiroyli ko`rinishga, sizdan yoqimli ifor taralib turishiga harakat qiling.

To`rtinchi sabab muomalada. Odatda erkaklar ko`p gapirgan yoki ovozini balandlataveradigan ayollarni xushlashmaydi. Eringizdan shirin so`zlaringizni ayamang. Unga vaziyatni yotig`i bilan tushuntiring. Yoqimli gaplar bilan juftingizning o`ziga bo`lgan ishonchini oshirishga harakat qiling. Oy kunlaridagi yaqinlikning sog`likka qanchalik zararligini bosiqlik bilan tushuntiring. Chunki bu davrdagi yaqinlik ko`pgina kasalliklarni keltirib chiqaradi. Masalan, infeksiyalar oson yuqadi, endometrioz va shamollash xastaliklari avj oladi.

Xullas, bu kabi muammolarning echimi ko`p jihatdan ayolning o`ziga bog`liq. Eng asosiysi, erning ko`ngliga yo`l topa bilishda. «Bo`lar-bo`lmasga baqiradigan, do`pposlaydigan odat chiqargan»i sababini topish uchun o`zingizdan ayb izlab ko`ring. Xolislik bilan qaerda xato qilganingizni topa olsangiz, muammoni ortda qoldirishning ham ilojini topasiz. Eng muhimi yuqorida keltirilgan sabab va echimlarga karab harakat qiling. Juftingiz uchun hamisha go`zal, sirli, qiziqarli bo`lishga, munosabatlaringizga rang-baranglik kiritishga intiling.

Dinimizda nima deyiladi?

Erkak uchun jufti haloli omonatdir. Bu omonatni yaxshi saqlashi, ular bilan yaxshi hayot kechirishi, unga qo`l ko`tarmasligi, xo`rlamasligi kerak. Hazrati Payg`ambarimiz s.a.v.: «Xotinlar haqiga tajovuz qilishdan saqlaningiz. Ular har narsada yordamchidirlar. Ularni Alloh amri bilan olgansiz. Janobi haq ularni sizga halol qilgandir», deganlar. Erkak kishi ayolini har doim sevishi va ardoqlashi lozim. Agar oilada eru xotin o`z vazifalarini bajarishga o`rgansa, turmushlari xotirjamlikda va o`zaro ahillikda kechadi. Oyat va hadislarda ayollarga yaxshi muomalada bo`lish haqida ko`p marotaba ta`kidlangan. Hazrat Rasululloh s.a.v.: «Mo`min kishi mo`mina ayoldan nolimasin, agar uning bir xulqidan norozi bo`lsa, ikkinchi xulqidan rozi bo`ladi», deganlar. Ayol kishi faqat xotinlik vazifasini bajargani uchun emas, balki turmushda hamroh-do`st, jufti halol, bolalarining mehribon onasi sifatida ham e`zozlanishi kerak. Er-xotin bir-biriga muhtojdir. Alloh taolo Baqara surasining 187-oyatida shunday marhamat qiladi: «...ular sizlarning libosingiz, sizlar ular uchun libossiz».

Ayollarning oy kunlarida yaqinlik qilish eng katta gunohlardandir. Bu Islomda harom va eng asosiysi, erkakning ham, ayolning  ham sog`lig`iga zarardir. Mabodo hayzning boshlang`ich kunlarida yaqinlik qilingan bo`lsa, bir oltin, oxirida sodir bo`lgan bo`lsa, yarim oltin miqdorda sadaqa beriladi… Alloh taolo Qur`oni karimda shunday marhamat qiladi: «...to poklanmagunlaricha ularga yaqinlashmangiz» (Baqara, 222).

Xulosa o`rnida Rasululloh (s.a.v) dan yana bir hadisni keltirib o`tamiz:

«Sizlarning yaxshilaringiz o`z ahlu ayoliga yaxshi munosabatda bo`lganlaringizdir. Men sizlardan ko`ra ham o`z ahlu ayolimga yaxshiman. Xotinlarni faqat yaxshi odamlargina izzat-ikrom qilur, ahlu-ayollarni faqat yomon odamlargina xoru zor qilur».

Aziz muxlislar! Sizni qanday muammolar qiynayapti? Hech kimga aytolmay yurgan dardlaringiz bo`lsa, keling, sirlashamiz va ularga birgalikda echim topishga urinib ko`ramiz. Istagingizga qarab, shaxsingizni oshkor etmaymiz. Maktub yo`llang yoki qo`ng`iroq qiling. Biz sizga yordam berishga harakat qilamiz.

Sharhlar

O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p?

26.09.2021, 17:45

O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p? Davlat statistika qo`mitasi ma`lumot berdi. Unga ko`ra, 2021 yilning 1 yanvar holatiga O`zbekiston Respublikasida jami 8 871 412 ta oila...
Ayolni qotillikka boshlagan rashk: Yangiyo`llik juvon boshqa ayolga uylanmoqchi bo`lgan shar`iy nikohidagi erini o`ldirib qo`ydi...

23.08.2021, 16:08

Qishning qirovli kunlaridan eson-omon chiqib olgan Komiljon ota kenja farzandi Murodni (ism-shariflar o`zgartirilgan) uylash maqsadida to`y tayyorgarliklarini boshlab yubordi. Uzoq izlanishlardan so`ng qiz ham topildi. Biroq unashtiruv...
Ayolning joni qirqta, ammo qismati bittami? Yoxud zo`ravonlik va tazyiq qurbonlari… (video)

01.06.2021, 18:32

So`nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda xotin-qizlarning tahqirlanishi, ayovsiz kaltaklanish holatlari aks etgan xabar va voqealar haqidagi chiqishlar keskin ortib ketdi. Ammo bu kabi vaziyatlar kechagina sodir...
O`zbekistonda 2030 yilga qadar oila instituti yanada mustahkamlanadi

27.05.2021, 16:56

AOKAda “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti rahbarlari ishtirokida matbuot anjumani bo`lib o`tdi.Anjumanda  “O`zbekiston Respublikasida oila institutini 2030 yilgacha yanada mustahkamlash konsepsiyasi” mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1