1

Kechki dasturxonga bekalar uchun reseptlar

SUG'DIYONA 26.09.2016, 14:11
Teglar: Mahsulot, Taom
Kechki dasturxonga bekalar uchun reseptlar

Ajoyib salat

Zarur masalliqlar: (4 kishilik) 300 gr. qaynatilgan go`sht, 200 gr. konservalangan yoki qaynatilgan fasol, 2 tadan pomidor, ko`kpiyoz va tuzlangan pomidor, 1 ta bulg`or qalampiri, 2 bo`lak sarimsoq piyoz, 2 osh qoshiq o`simlik yog`i, 1 choy qoshiq sirka, ko`katlar, tuz, maydalangan qalampir.

Tayyorlanishi: 1. Go`shtni to`rtburchak, piyozni halqalab, bulg`or qalampirini somoncha, tuzlangan bodring va pamidorni esa yarim halqa shaklida to`g`rang.

2. Hamma to`g`ralgan masalliqlarni aralashtirib, unga konservalangan fasol qo`shing.

3. Sarimsoq piyozni maydalab, o`simlik yog`i va sirkaga solib, sous tayyorlang. Salatga sous quyib, yarim soatga muzlatkichga qo`ying va dasturxonga ko`katlar bilan bezab torting. 

 

«Oltin tovuq» taomi

Zarur masalliqlar: 1 ta o`rtacha kattalikdagi tovuq, 100 gr. oq non, 2 ta limon, 2 bo`lak sarimsoq piyoz, 1 bog` petrushka, 1 osh qoshiq asal, tuz, murch.

Tayyorlanishi: 1. Tovuqni yuvib, qog`oz salfetka bilan quriting. 1 bo`lak sarimsoq piyozni tovuqning hamma joyiga surtib chiqing.

2. Qolgan sarimsoq piyoz va petrushkani maydalang. 1 ta limonning sharbati olib, qobig`ini maydalang. Nonning yumshoq joyini to`rtburchak shaklda to`g`rang.

3. Limon qobig`i, to`g`ralgan non, maydalangan sarimsoq piyozni limon sharbatining yarmi bilan aralashtirib, aralashmani tovuq ichiga soling.

4. Qolgan limon sharbatini asal bilan aralashtiring. Tovuqni 180 darajada qizdirilgan gaz pechiga qo`ying. 15 daqiqadan keyin asalli sousni surting va yana 45 daqiqa davomida pishiring. Dasturxonga ko`katlar va limon bo`laklari bilan bezab torting.

 

Istambul keksi

Zarur masalliqlar: 250 gr. un, 200 gr. shakar, 150 grammdan sariyog`, 100 grammdan mayiz,  maydalangan yong`oq va bodom, 3 dona tuxum, yarim choy qoshiq yumshatgich (razrxlitel), 1 choy qoshiq dolchin (korisa), qand upasi.

Tayyorlanishi: 1. Mayizni iliq suvda yuvib, suvini yaxshilab silqiting. Yong`oqni maydalang. Sariyog`ni shakar bilan mikser yordamida aralashtiring.

2. Sariyog`li aralashmaga tuxum, un, yumshatgich, mayiz, yong`oq va dolchin  solib, xamir qoring.

3. To`g`ri to`rtburchak qolipga zar qog`oz (folga) to`shab, xamirni soling-da, 180 darajada qizdirilgan gaz pechiga 40 daqiqaga qo`ying. Pishgach, yuziga maydalangan yong`oq, bodom mag`zi va qand upasi seping.

 

Tvorogli kulchalar

Zarur masalliqlar: 400 gr. un, 100 gr shakar, 100 ml. sut, 2 osh qoshiq sariyog`, 2 dona tuxum, tuz, xamirturush.

Qaylasiga: 200 gr. tvorog, 1 dona tuxum, 2 osh qoshiq shakar, 1 choy qoshiq un, 50 gr. mayiz, 3 osh qoshiq asal.

Yuziga surtish uchun 1 dona tuxum.

Tayyorlanishi: 1. Xamirturushni iliq sutda iviting. Sutga shakar, tuxum, un va tuz solib, aralashtiring. Xona haroratida eritilgan sariyog`ni ham solib, xamir qoring-da, ikki soat tindiring. 2 soatdan keyin mushtlab, yana bir soat tindiring.

2. Qayla tayyorlash uchun tvorogni shakar, tuxum va un bilan aralashtiring. Iliq suvda ivitilgan mayizni maydalab, asalga soling-da, 10 daqiqa past olovda qaynating.

3. Xamirni teng o`n bo`lakka bo`lib, zuvala yasang. Zuvalalarga kulcha shaklini berib chiqing. Kulchalar ichiga avval mayizli asalni, keyin yoniga aylanasiga tvorogli aralashmani soling. Ustini yopib, kulchalarni yarim soat tindiring. Yuziga tuxum sarig`ini surtib, 180 darajada qizdirilgan gaz pechiga yarim soatga qo`ying.

 

«Suv parisi» taomi

Zarur masalliqlar: 200 gr. terisi shilingan, qaynatilgan baliq go`shti, 2 ta qaynatilgan kartoshka, 1 ta qaynatilgan lavlagi, 3 ta tuzlangan bodring, 1 ta olma, 2 dona qaynatilgan tuxum, mayonez, tuz.

Tayyorlanishi: 1. Qaynatilgan kartoshka, lavlagi va olmani qirg`ichdan o`tkazing. Tuxumni maydalab, baliq go`shtini esa somoncha shaklida to`g`rang. Masalliqlarga tuz sepishni unutmang. 

2. Katta likopchaga oldin kartoshkani ikkita bir-biriga qaragan baliq shaklida joylashtiring. Mayonez surtib, to`g`ralgan baliq go`shtini bir tekis qilib qo`yib chiqing. Lavlagi, olma va tuxum aralashmasini qolgan kartoshka qirindisini ustma-ust navbati bilan tering. Har bir qavat ustidan mayonez surting.

3. Tuzlangan bodringni parraklab, taomga baliq tangachalaridek yopishtiring. Ko`kpiyoz yoki ko`katlardan qanotlari va dumini yasashingiz mumkin.

 

Tatarcha solyanka

Zarur masalliqlar: 300 grammdan mol va qo`y go`shti, 250 gr. qaynatilgan mol tili, 2 bosh piyoz, 1 dona sabzi, 2 ta tuzlangan bodring, 8 ta quritilgan qora olxo`ri, yarimta limon, 1 osh qoshiq tomat qaylasi, 1 osh qoshiq sariyog`, 1 ta lavr bargi, 8 dona qora murch, tuz.

Tayyorlanishi: 1. Qo`y va mol go`shtiga 1,5  litr sovuq suv solib qaynatishga qo`ying. Ko`pigini olib tashlab, qora murch, archilgan sabzi va piyozni butunicha soling. 1,5 soat davomida qaynating. Tayyor bo`lishiga 20 daqiqa qolganda lavr bargi va tuz soling.

  1. Qora olxo`rini qaynoq suvda 20 daqiqa ivitib qo`ying.  Keyin suvini silkitib, danagidan tozalang.
  2. Sariyog` qizdirilgan tovada halqalab to`g`ralgan piyozni 5 daqiqa qovuring. Tuzlangan bodringni somoncha shaklida to`g`rab, tomat pastasi bilan birga tovaga soling. Aralashtirib turgan holda  3-4 daqiqa dimlang.
  3. Qaynatilgan go`sht va tilni olib, somoncha shaklida to`g`rang-da, sho`rvaga qaytarib soling. Qovurilgan piyoz, bodring, ivitilgan olxo`rini ketma-ket sho`rvaga tashlab 5-7 daqiqa qaynating.
  4. Limonni yupqa halqalab, pishgan sho`rvaga soling. Taomni smetana va ko`katlar bilan dasturxonga qo`ying. 

 

Sharhlar

​​Aholi salomatligi uchun mahsulotlar xavfsiz yoki zararli ekanligini ko`rsatuvchi belgilar bilan tamg`alanadi

11.11.2020, 21:22

"Aholining sog`lom ovqatlanishini ta`minlash bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida" gi Prezident qarorida qayd etilishicha, oziq-ovqat mahsulotlarining tarkibida tuz, qand va yog` miqdori inson sog`lig`i uchun xavfsiz...
​«Osiyo» salati — baqlajon va no`xatdan!

30.06.2017, 15:55

Zarur masalliqlar: 200 gr. qaynatilgan no`xat, 2 donadan baqlajon, pomidor va bulg`or qalampiri, 3 bo`lak sarimsoqpiyoz, 2 osh qoshiq soya sousi, o`simlik yog`i, limon sharbati,...
​«Yoz» pirogi — olma va tvorogning ajoyib uyg`unligi

24.06.2017, 11:23

Zarur masalliqlar: xamiriga: 270 gr. un, 180 gr. sariyog`, 80 gr. shakar, 1 dona tuxum, yarim choy qoshiq xamiryumshatgich, tuz; ichiga solishga: 750 gr. tvorog,...
​O`rikli chizkeyk — yoz yozdek o`tsin!

23.06.2017, 11:11

Zarur masalliqlar: 300 gr. tvorog, 200 gr. o`rik mevasi, 200 ml. smetana, 180 gr. shakar, 100 grammdan uvadalanuvchi pechene va sariyog`, 2 dona tuxum, pichoq...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1