AsosiyJinoyat

Respublikaning uch viloyatida elektrdan noqonuniy foydalanganlar 711 mln so`m zarar etkazdi

'Respublikaning uch viloyatida elektrdan noqonuniy foydalanganlar 711 mln so`m zarar etkazdi'ning rasmi

O`zbekistonning uch hududida elektrdan noqonuniy foydalanganlar 711 million so`m zarar etkazdi. Bu haqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti axborot xizmati xabar berdi

Xabarga ko`ra, Bosh prokuratura huzuridagi departament organlari tomonidan Elektr ta`minoti korxonasi xodimlari bilan hamkorlikda o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruvlarda, tabiiy resurs tarmoqlariga o`zboshimchalik bilan ulanish holatlari fosh etildi.

Xususan, departamentning Qibray tuman bo`limi tomonidan o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “G.S.” MChJ rahbari J.N. va boshqalar “Yuqori yuz” MFY hududida ko`p qavatli uylarni isitish uchun mo`ljallangan qozonxonani qurishda 533,7 ming kVt/s elektr energiyasidan noqonuniy foydalangani aniqlangan. 

Shuningdek, departamentning Zafarobod tuman bo`limi tomonidan o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “P.” MChJ rahbari A.Z. va boshqalar elektr energiyasi to`lovlaridan 259,2 million so`mlik qarzdorligi mavjud bo`lishiga qaramasdan, tosh maydalash uskunalarini umumiy foydalanishdagi tarmoqqa o`zboshimchalik bilan ulab, 441,5 ming kVt/s elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganliklari aniqlangan. 

Departamentning Zomin tuman bo`limi tomonidan o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “S.-I.” fermer xo`jaligi rahbari M.A. va boshqalar fermer xo`jalikka qarashli er maydonlarini sug`orish uchun  suv nasosini soxta hujjatlar orqali umumiy foydalanishdagi tarmoqqa o`zboshimchalik bilan ulab, 342,9 ming kVt/s elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganliklari aniqlangan. 

Bundan tashqari, departamentning G`allaorol tuman bo`limi tomonidan o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda esa, “F.-T.” xususiy korxonasi rahbari Sh.K. va boshqalar ushbu korxona g`isht zavodida 400 kVt/s quvvatga ega transformatorni umumiy foydalanishdagi tarmoqqa o`zboshimchalik bilan ulab, 131,1 ming kVt/s elektr energiyasidan noqonuniy foydalangani aniqlangan. 

Shu bilan birgalikda, departamentning Yangier shahar bo`limi tomonidan o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda shahar qurilish bo`limi mas`ul shaxslari va boshqalar qurilish bo`limiga qarashli ma`muriy binoni umumiy foydalanishdagi tarmoqqa o`zboshimchalik bilan ulab, 73,5 ming kVt/s elektr energiyasidan noqonuniy foydalangani aniqlangan. 

Ushbu qonunbuzilish holatlari oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga jami 711 million so`m zarar etkazilgan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 185-2-moddasi (elektr, issiqlik energiyasi, gaz, vodoprovoddan foydalanish qoidalarini buzish), 207-moddasi (mansabga sovuqqonlik bilan qarash) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.

    Boshqa yangiliklar