Surxondaryo viloyatining Oltinsoy va Termiz tumanlarida kredit mablag`larini o`zlashtirgan MChJ rahbarlari aniqlandi, deb xabar beradiBosh prokuratura huzuridagi departament.
Qayd etilishicha, departamentning Oltinsoy tuman bo`limi tomonidan o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “O.B.” MChJ rahbari R.H. bog` tashkil etish va qishloq xo`jaligi texnikalari sotib olish uchun tijorat banki filialidan ajratilgan imtiyozli kredit evaziga hududda bog` tashkil etmasdan, ushbu mablag`larni boshqa maqsadlarda sarflab, jami 6,1 milliard so`mni o`zlashtirish yo`li bilan talon-toroj qilgan.
Shuningdek, departamentning Termiz tuman bo`limi tomonidan o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “B-N.” va “Ch-P.” MChJlar rahbari U.X. hududiy tijorat banki filialidan kredit mablag`lari ajratilishiga erishgan. U mazkur mablag`lar evaziga qo`shni Qozog`istondan olib kelingan chorva mollarni boshqa shaxslarga sotib yuborib, jami 5,1 milliard so`m kredit mablag`ini o`zlashtirish yo`li bilan talon-toroj qilgani, shu bilan birga, 102,1 million so`m qo`shimcha soliq va boshqa majburiy to`lovlarni to`lashdan bo`yin tovlab kelgani aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o`zlashtirish yoki rastrata yo`li bilan talon-toroj qilish), 181-1-moddasi (qasddan bankrotlikka olib kelish) va 184-moddasi (soliqlar yoki yig`imlarni to`lashdan bo`yin tovlash) bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.






