“Yuksalish” umummilliy harakati mutaxassislari Ijtimoiy-iqtisodiy tashabbuslar instituti ekspertlari bilan hamkorlikda davlat tuzilmalari va tashkilotlaridagi rahbar ayollar ro`yxatini yangiladi.
Rahbar ayollarning kuchli qirqtaligiga bir necha nodavlat tuzilmalari vakilalari ham kiritildi. Zero, ular davlat siyosatini shakllantirishda va qarorlar qabul qilishda faol ishtirok etmoqda.
O`rganish natijalari mamlakatimizda tuzilmaviy va institusional o`zgarishlar izchil davom etayotganini, gender tenglik sohasidagi qonunchilik takomillashtirilayotganini, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi o`rni va mavqei ortib borayotganini tasdiqlaydi.
Siyosiy partiyalarda xotin-qizlar ulushi 47 foizga, oliy ta`limda 40 foizga, tadbirkorlik faoliyatida esa 37 foizga etdi. Rahbar lavozimlarda ishlayotgan ayollar ulushi — 33 foiz. Bugungi kunda 2 mingga yaqin davlat va jamoat tashkilotlariga ayollar rahbarlik qilmoqda.
Bundan tashqari, mamlakat Senatini ayol kishi boshqarmoqda. 2021 yilda O`zbekiston tarixida birinchi marta milliy parlamentdagi xotin-qizlar soni qariyb 32 foizga etdi (deyarli ikki baravar o`sgan). Ushbu ko`rsatkich bo`yicha dunyodagi 190 ta parlament orasida 37-o`ringa ko`tarildi.