AsosiyDunyo

Ukraina Rossiya gazini eltuvchi quvurlar portlatilishiga aloqadorligini rad etdi

'Ukraina Rossiya gazini eltuvchi quvurlar portlatilishiga aloqadorligini rad etdi'ning rasmi

Ukraina Rossiya tabiiy gazini Germaniyaga olib o`tish uchun qurilgan Nord Stream (Shimoliy oqim) quvurlariga sentyabr oyida uyushtirilgan hujumga aloqadorligini rad etdi. Bu haqda Bi-Bi-Si o`zbek xizmati yozmoqda.

Seshanba kuni "New York Times" gazetasining xabar berishicha, AQSh rasmiylari tomonidan tekshirilgan yangi razvedka ma`lumotlariga ko`ra, Nord Stream quvurlariga hujumni Ukrainaparast guruh amalga oshirgan.

Anonim AQSh rasmiylariga iqtibos keltirgan holda xabarda aytilishicha, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy yoki uning bosh leytenantlari operasiyada ishtirok etgani haqida hech qanday dalil yo`q.

AQSh gazetasining xabar berishicha, rasmiylar razvedka ma`lumotlarining mohiyati, qanday olingani yoki undagi dalillarning qanchalar kuchliligi haqidagi tafsilotlarni oshkor qilishdan bosh tortishgan.

Shuningdek, "razvedka ma`lumotlarini o`rganib chiqqan rasmiylar, qo`poruvchilar Ukraina yoki Rossiya fuqarolari bo`lgan yoki ikkalasining birlashmasi bo`lgan deb hisoblashgan", deyiladi maqolada.

"New York Times" xabariga javoban janob Podolyak nima bo`lganligi haqida Kievda hech qanday ma`lumot yo`qligini aytdi.

Shuningdek, seshanba kuni Germaniyaning "Die Zeit" gazetasi nemis hukumati hujumlar sabablarini tekshirishda muvaffaqiyatga erishganini xabar qildi.

Gazeta va boshqa nemis ommaviy axborot vositalari tomonidan chop etilgan qo`shma tadqiqotlarga ko`ra, portlovchi moddalarni joylashtirishda foydalanilgan qayiq Polshada joylashgan firmadan ijaraga olingan yaxta bo`lib, u ikki ukrainalikka tegishli bo`lgan. Hujumni amalga oshirganlarning millati aniq emas.

Germaniya prokurori hisobotga izoh berishdan bosh tortdi, ammo Mudofaa vaziri Boris Pistorius shoshilinch xulosa chiqarmaslikka chaqirdi. "Bu Ukrainaparast guruhlarga aybni yuklashga qaratilgan yolg`on amaliyot bo`lishi mumkin", dedi u nemis radiosiga.

Rossiya gazini Germaniyaga olib keluvchi "Nord Stream 1" suv osti quvurining kamida 50 metri sentabr oyidagi portlash oqibatida vayron bo`lgan deb taxmin qilinadi.

Daniya polisiyasining fikricha, "kuchli portlashlar" quvur va uning yangi egizaki "Nord Stream 2"da to`rtta teshik paydo qilgan.

Germaniya, Daniya va Shvesiya rasmiylari voqea yuzasidan tergov olib borishgan.

Janob Peskovning aytishicha, "Shimoliy oqim" aksiyadorlari zudlik bilan shaffof tergov o`tkazilishini talab qilishlari kerak.

"Bizni tergovga hali ham yaqinlashtirishmayapti. Bir necha kun oldin biz daniyaliklar va shvedlardan bu haqda eslatma oldik. Hamma narsa shunchaki g`alati. Bundan jirkanch jinoyat hidi kelyapti", dedi u.

O`nlab yillar davomida Rossiya G`arbiy Evropaga katta miqdorda tabiiy gaz etkazib berib keldi. Biroq o`tgan yilning fevral oyida Ukrainadagi urush boshlanganidan so`ng, Evropa Ittifoqining aksariyat davlatlari Rossiya energetikasiga qaramliklarini keskin kamaytirdilar.

    Boshqa yangiliklar