AsosiySiyosat

O`zbekiston Eronning ShHTga a`zo bo`lishini tasdiqladi

'O`zbekiston Eronning ShHTga a`zo bo`lishini tasdiqladi'ning rasmi

O`zbekiston Eronning Shanhay hamkorlik tashkilotiga a`zo bo`lish bo`yicha so`rovini ma`qulladi. Bu haqda O`zbekiston Prezidentining 7 martdagi “Xalqaro shartnomani tasdiqlash to`g`risida”gi farmonida ma`lum qilindi.

Qayd etilishicha, “O`zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari to`g`risida”gi qonunning 22-moddasiga muvofiq, 2022 yil 16 sentyabrda Samarqand shahrida imzolangan Eron Islom Respublikasining ShHTga a`zo davlat maqomini olish maqsadidagi majburiyatlari to`g`risidagi memorandum tasdiqlangan.

Farmonga ko`ra, Tashqi ishlar vazirligiga mazkur xalqaro shartnomaning kuchga kirishi uchun zarur bo`lgan davlat tartib-qoidalarining O`zbekiston Respublikasi tomonidan bajarilishi to`g`risida tegishli bildirishnoma ShHT Kotibiyatiga yuborish topshirilgan. Bitim qoidalarining bajarilishini nazorat qilish Vazirlar Mahkamasi hamda tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari zimmasiga yuklatilgan.

Ma`lumot uchun, Shanxay hamkorlik tashkilotiga a`zo davlat maqomini olish uchun Eron majburiyatlari to`g`risidagi memorandum tashkilotga a`zo bo`lgan boshqa davlatlar tomonidan ham tasdiqlanishi kerak.

    Boshqa yangiliklar