AsosiyJamiyat

Toshkentda jamoat transportidan ko`proq ayollar va yoshlar foydalanishi ma`lum bo`ldi

'Toshkentda jamoat transportidan ko`proq ayollar va yoshlar foydalanishi ma`lum bo`ldi'ning rasmi

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ekspertlari tomonidan Toshkent shahri aholisining yo`llardagi tirbandlikka munosabati o`rganilgan.

Tadqiqot davomida Toshkent shahri aholisining tirbandlikka munosabati va uni kamaytirish bo`yicha takliflarini o`rganish maqsadida ijtimoiy  so`rovnoma tashkil etilgan. Unda jami 891 kishi ishtirok etdi. Ishtirokchilarning 60,8% i avtomobil haydovchilari tashkil etdi. Shundan 10,3% i ayollardir.

So`rov natijasiga ko`ra, avtomobil boshqarmasligini ta`kidlagan ishtirokchilarning 41,8%  avtobus, 27,5%  metro, 24,1%  taksi, 1,7%  mikroavtobus xizmatidan foydalanishini va 4,9%  piyoda yurishini bildirgan. Jamoat transportidan ko`proq ayollar (33,1%) va yoshlar (36,5%), shaxsiy transportdan erkaklar (33,1%) foydalanishi ma`lum bo`ldi.

 So`rovda ishtirok etgan poytaxt aholisining 74%  tirbandlikni asosiy muammolardan biri, 21%  o`rta darajadagi muammo va 5%  boshqa muammolar qatorida unchalik muhim emas, deb hisoblashini bildirgan.

Tirbandlikdan avtobus va mikroavtobus yo`lovchilari boshqalarga qaraganda ko`proq aziyat chekmoqda. Shu bois avtobusdan foydalanuvchilarning 82,9% , mikroavtobus yo`lovchilarining 83,3%  tirbandlikni poytaxtning asosiy muammolaridan biri sifatida qayd etgan.  

So`rovda qatnashganlarning 62,2%  tartibsiz haydovchilar, qoidabuzarliklar, noto`g`ri parkovka, 57,6%  yo`llardagi nosozliklar, 46,8%  o`qishga qatnovchilar hamda 41,2%  ishga qatnovchilar tufayli faollikning ortishini tirbandlikni keltirib chiqaruvchi asosiy sabablar sifatida qayd etgan.  

 Respondentlar birinchi o`rinda kichik halqa yo`lidagi chorrahalarni (136 marotaba), Bunyodkor shoh ko`chasidagi chorrahalarni  (106 marotaba) tartibga keltirish lozimligini qayd etgan.  

 So`rov ishtirokchilarining 41,8% i tirbandlik tufayli yo`l uchun ko`proq vaqt rejalashtirishini,  39,1% i tirbandlik yo`q yo`llardan yurishini, 16,9% i tirbandlik kamayishini kutishini aytgan.

Bildirgan fikrlar orasida jamoat transporti (avtobuslar) uchun infratuzilmalarni yaxshilash, parkovkalarni to`g`ri shakllantirish, ko`pqavatli avtoturargohlar, piyodalar uchun erosti o`tish yo`llari va ko`priklar qurish, metro liniyalarini kengaytirish, yo`l harakati qoidalariga qat`iy amal qilinishini ta`minlash, raqamli boshqaruvga o`tish kabi takliflar ko`p uchraydi.

 

    Boshqa yangiliklar