1

Turk san`atshunosi va kolleksioneri o`zbek ikatiga mehr qo`yib, butun dunyoni qanday hayratga soldi?

Madaniyat 10.03.2023, 19:51
Turk san`atshunosi va kolleksioneri o`zbek ikatiga mehr qo`yib, butun dunyoni qanday hayratga soldi?

O`zbekiston Madaniy merosni o`rganish, saqlash va ommalashtirish bo`yicha Butunjahon jamiyati “O`zbekiston madaniy merosi jahon kolleksiyalarida” turkumining noyob, rang-barang nashrini chiqarishga hozirlanmoqda. Rasmli kitob-albom mashhur kolleksioner Mehmet Chetinkaya tomonidan uzoq yillar davomida to`plangan noyob to`qimachilik kolleksiyasiga bag`ishlangan.

Mehmet Chetinkaya - turkiyalik kolleksioner, islomiy to`qimachilikni o`rganishga qo`shgan hissasi uchun Jozef V. Makmallan mukofoti sovrindori, "99 Ikat Chapans / The Mehmet Çetinkaya Collectıons" (2007) katalogi muallifi. Aynan shu kitob o`zbek ikatiga muhabbat izhoriga aylandi.

Kolleksioner, san`atshunos olim o`zbek madaniyati bilan ilk bora 1992 yilda, O`zbekistonga tashrifi chog`ida tanishganini aytadi. Rassom sifatida yurtimizdagi qadimiy shaharlarning ulug`vorligi, me`morchiligi uni hayratga solgan. Ajablanarlisi shundaki, kolleksioner ikat bilan bundan ikki yil avval, San-Fransiskoda o`tkazilgan 5-Xalqaro Sharq gilamlari konferensiyasi (ICOC) munosabati bilan AQShga qilgan safari chog`ida tanishgan.

Aynan o`sha erda Mehmet Chetinkayada abr matolariga nisbatan muhabbat uyg`ondi va bu mehr shu kunga qadar davom etib kelmoqda.

“– Men bu matolardan tikilgan kiyimlar – chopon va hokazolarni – Istanbul bozorida Markaziy Osiyo to`qimachilik namunalari paydo bo`la boshlagan paytdan boshlab, ya`ni 1992 yildan buyon yig`a boshladim. 1992-2004 yillar orasida Istanbul bozori juda faol edi. Mazkur yillar men uchun ham sermazmun bo`ldi, chunki ular Markaziy Osiyo xalqlariga oid milliy libos namunalarini to`plash uchun ajoyib imkon berdi. Bu imkoniyatdan unumli foydalanishga harakat qildim. Ulkan kolleksiyamni yaratishda boshimdan o`tgan ko`plab qiziqarli voqealar va xotiralar har bir buyumga o`zgacha joziba bag`ishladi”, — deydi kolleksiyachi.

Mehmet Chetinkaya o`zbek ikati butun dunyoni hayratga solishiga erishdi. 2007 yilda o`tkazilgan “Istanbul (ICOC) konferensiyasi doirasida Turk va islom san`ati muzeyida tashkil qilingan «99 Ikat Chapans / The Mehmet Çetinkaya Collectıons», ko`rgazmasida o`zbek choponlari to`plami dunyoga mashhur mutaxassislar va to`qimachilik sohasi mutaxassislarini maftun qildi. “Ularning hech biri o`zbek ipak matolarining rang-barangligi va chiroyidan hayratini yashira olmadi”, — deya sharhlaydi Mehmet Chetinkaya.

Uning kolleksiyasi asosini chopon, to`n, yaxtak, ezor-poncha, paranji, kaltacha, mursak, kamzul, kurta kabi kiyim-kechak namunalari tashkil etadi. Bu betakror namunalar go`zallik va nafosat, ranglarning boyligi, noyob rang uyg`unligi va mehnatining nozik mahorati bilan ajralib turadi.

Butunjahon madaniy merosini o`rganish, saqlash va ommalashtirish jamiyati tomonidan nashr etiladigan “O`zbekiston madaniy merosi jahon kolleksiyalarida” nomli yangi kitob albomga abr matolaridan 100 ga yaqin kiyim-kechak namunalari kiritiladi. Ayni paytda kitob uchun material yig`ish ishlari olib borilmoqda.

– Uzoq yillardan beri to`plaganim - o`zbek ikati to`plamining alohida kitob holida taqdim etilishi men uchun katta sharaf va g`ururdir, u haqdgai kitob ham o`ziga o`xshab go`zal, yorqin va rang-barang bo`ladi. Minglab odamlarni o`zbek to`qimachiligining beqiyos namunalari bilan tanishtirishning kitob nashr etishdan boshqa yo`lini o`ylab topish qiyin. Bunday tashabbus uchun Jahon jamiyatidan behad minnatdorman”, - deydi kolleksiyachi Mehmet Chetinkaya.

– O`zbek san`atining ajoyib namunalari nafaqat kutubxona va muzeylarda, balki butun dunyoda saqlanmoqda. Haqiqiy asarlar, qimmatbaho olmoslar ko`pincha shaxsiy kolleksiyalardan topiladi. Mehmet Chetinkayaning to`plami esa buning yorqin namunasidir. Shu bois kitob-albom nashr etib, odamlarga mazkur san`atning ajoyib go`zalliklarini ko`rsatishga qaror qildik”, — dedi O`zbekiston madaniy merosini o`rganish, asrash va targ`ib qilish bo`yicha Butunjahon jamiyati raisi Firdavs Abduxoliqov.

"O`zbekiston madaniy merosi jahon to`plamlarida" loyihasining bosh homiysi Eriell Group neft-servis kompaniyasi ekanligini qayd etib o`tamiz.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1