Avval xabar berganimizdek, joriy yilning 30 aprel kuni O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyaviy qonuni qabul qilish uchun umumxalq referendumi bo`lib o`tadi.
Konstitusiyaga kiritilayotgan eng muhim o`zgarishlardan biri majburiy mehnatga to`liq barham berilishi bo`lmoqda.
Unga ko`ra, Konstitusiyaning 44-moddasida:
Sud qarori bilan tayinlangan jazoni ijro etish tartibidan yoxud qonunda nazarda tutilgan boshqa hollardan tashqari majburiy mehnat taqiqlanadi.
Bolalar mehnatining bolaning sog`lig`iga, xavfsizligiga, jismoniy, aqliy va ma`naviy jihatdan to`laqonli rivojlanishiga xavf soluvchi, shu jumladan uning ta`lim olishiga to`sqinlik qiluvchi har qanday shakllari taqiqlanadi.
Xo`sh, bu normaning Konstitusiyaga kiritilishiga nima sabab bo`ldi.
Eski sovet tuzumidan qolgan yomon odatlardan biri bu ijtimoiy soha vakillari, talabalar va hattoki maktab o`quvchilarini majburiy mehnatga, xususan, paxta terish yoki boshqa qishloq xo`jaligi ishlariga jalb qilish edi.
Natijada nimaga erishdik? O`quvchi va talabalar tayinli ta`lim olmadi, o`qituvchi va shifokorlar o`z ustida ishlab, sifatli xizmat ko`rsatishning o`rniga dalaga chiqib, paxta terishdi. Bu nafaqat ijtimoiy-iqtisodiy ahvolimizga, balki O`zbekistonning xalqaro miqyosdagi imidjiga ham o`ta salbiy ta`sir ko`rsatdi.
O`zbekiston Respublikasi 2008 yilda Xalqaro mehnat tashkilotining “Bolalar mehnatining og`ir shakllarini taqiqlash va yo`q qilishga doir shoshilinch choralar to`g`risida”gi Konvensiyani (1999) ratifikasiya qilgan.
Ushbu konvensiyaga muvofiq “bolalar mehnatining eng yomon shakllari” deganda qullik, jinsiy ekspluatasiya, bolalarni qurolli to`qnashuvlarda, noqonuniy faoliyatda yoki ularning sog`lig`iga, axloqiy va psixologik holatiga zarar etkazadigan xavfli ishlarda ishlatish tushuniladi.
O`zbekiston Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi va Jinoyat kodekslarida bunday qilmishlar uchun ma`muriy va jinoiy javobgarlik choralari belgilangan.
So`nggi yillarda O`zbekistonda majburiy mehnatni bartaraf etish ishlari o`zining ijobiy natijasini berib ushbu sa`y-harakatlar xalqaro miqyosda e`tirof etildi. Xalqaro reytinglardagi o`rnimiz ancha yaxshilandi, bu esa yurtimizga ko`plab investisiyalar jalb qilinishiga, iqtisodiyotning va ijtimoiy sohaning rivojlanishiga xizmat qilyapti.
Bolalar o`qishda, shifokor va o`qituvchilar ishda bo`lishlari to`g`ri siyosiy qaror edi. Majburiy va bolalar mehnatining man etilishi Konstitusiyada belgilab qo`yilishi ushbu siyosiy qaror abadiy ekanligini ko`rsatadi.
Xulosa qilib aytganda, uzoq yillar respublikaning xalqaro imidjiga salbiy ta`sir qilib kelgan majburiy mehnatga to`liq barham berildi.
Xususan, amaldagi Mehnat kodeksiga muvofiq mehnatga tayyorlash uchun umumta`lim maktablari, o`rta maxsus, kasb-hunar o`quv yurtlarining o`quvchilarini ularning sog`lig`i, xavfsizligi, to`liq jismoniy, aqliy va ma`naviy rivojlanishiga tahdid solmaydigan, ta`lim olish jarayonini buzmaydigan engil ishni o`qishdan bo`sh vaqtida bajarishi uchun – ular o`n besh yoshga to`lganidan keyin ota-onasidan birining yoki ota-onasining o`rnini bosuvchi shaxslardan birining yozma roziligi bilan ishga qabul qilishga yo`l qo`yiladi.
Bu borada, ayniqsa, bolalarning barkamol rivojlanishiga salbiy ta`sir qiladigan har qanday bolalar mehnati taqiqlanishi Asosiy qonunimizda to`g`ridan-to`g`ri yozib qo`yilmoqda.
Majburiy mehnatga chek qo`yilishi har bir o`zbekistonlikning kundalik hayotiga ijobiy ta`sir ko`rsatadi, iqtisodiyot va ijtimoiy soha rivojlanishi natijasida hayot sifati oshadi.
Bu qoidaning Konstitusiyada alohida belgilanishi esa, siyosiy qat`iyatdan ortga qaytilmasligini anglatadi, ushbu sohada erishilgan yutuqlarni qat`iy mustahkamlaydi hamda bolalarning mehnatning og`ir shakllaridan himoya qilish, ularni sog`lom va barkamol bo`lib voyaga etishishlari uchun muhim huquqiy kafolat bo`lib xizmat qiladi.
Ayni paytda, ushbu konstitusiyaviy norma bolalarning sog`lig`i, xavfsizligi, to`liq jismoniy, aqliy va ma`naviy rivojlanishiga tahdid solmaydigan, ta`lim olish jarayonini buzmaydigan tarzda mehnat qilishlariga to`sqinlik qilmaydi.






