Germaniyaning Berlin shahrida bo`lib o`tgan “PATVA International Travel Avards 2023” yillik tadbirida O`zbekiston Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi “Markaziy Osiyodagi yilning eng yaxshi turizm vazirligi” nufuzli mukofoti bilan taqdirlandi. Mukofotni Madaniyat va turizm vazirining birinchi o`rinbosari Ulug`bek A`zamov qabul qildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ta`kidlash joizki, "PATWA" har yili dunyodagi eng yirik sayohat yarmarkasi hisoblangan "ITB Berlin" ("Internationale Tourismus-Börse Berlin") doirasida "PATWA International Travel Awards" tadbirini tashkil qiladi. Tadbirda 7 mingdan ortiq jurnalist, eksponent va 180 mamlakatdan sayyohlik sohasidagi mutaxassislar ishtirok etdi.
"PATWA International Travel Awards" mukofoti aviasiya, mehmonxonalar, sayyohlik agentliklari va operatorlari, sayyohlik yo`nalishlari, davlat idoralari, vazirliklar, xizmat ko`rsatuvchi provayderlar kabi turizmni rivojlantirishda ishtirok etgan shaxslar va tashkilotlarga beriladi.
Ma`lumot uchun, 7–9 mart kunlari Germaniyaning Berlin shahrida bo`lib o`tgan "ITB Berlin" turizm ko`rgazmasida O`zbekiston milliy stendi namoyish etildi.






