Britaniya hukumati Olimpiada homiylariga xat yozib, Xalqaro Olimpiya qo`mitasi (XOQ)ga rossiyaliklar va belaruslik sportchilarning kelasi yilgi Parij o`yinlarida ishtirok etishiga ruxsat berish taklifi yuzasidan bosim o`tkazishni so`radi. Bu haqda “Reuters“ xabar berdi.
Qayd etilishicha, Britaniya Madaniyat, OAV va sport vaziri Lyusi Freyzer Olimpiadaning 13 ta yirik homiysi, jumladan, Coca-Cola, Samsung va Visa kompaniyalari rahbarlariga hukumatning xavotirlari bayon etilgan maktub yo`llagan.
“Bilamizki, Rossiya hamda Belarusdagi sport va siyosat bir-biri bilan chambarchas bog`liq. Biz ushbu ikki mamlakat sportdan o`zlarining targ`ibot maqsadlarida foydalanishiga yo`l qo`ymaslikka qat`iy qaror qildik”, deb yozgan Freyzer.
Ta`kidlash joizki, XOQ o`tgan yili Ukrainada urush boshlangandan keyin ruslar va belaruslarga qarshi sanksiyalar e`lon qilgan. Biroq sovuq urush davridagi boykot kunlariga qaytishdan qo`rqib, endilikda sportchilarni Olimpiadada neytral ishtirokchi sifatida qatnashish imkoni ko`rib chiqilayotganini ma`lum qilgan. Ko`plab davlatlar esa XOQning bu qaroriga qarshi chiqqan. Xususan, Britaniya hukumati joriy yilning fevral oyida boshqa 34 davlat bilan qo`shma bayonot chiqarib, XOQni rossiyalik va belaruslik sportchilarni musobaqalarda qatnashishini taqiqlashga chaqirgan.
“XOQning yakuniy qarorlar qabul qilinmagani haqidagi pozisiyasini qayd etib, biz XOQni barcha davlatlar talabini e`tiborga olishni va shunga muvofiq o`z taklifini qayta ko`rib chiqishni qat`iy talab qildik. Olimpiada hamkori sifatida men sizning ushbu masala bo`yicha fikr-mulohazalaringizni mamnuniyat bilan qabul qilaman va bayonotimizda ko`tarilgan xavotirlarni bartaraf etish uchun qo`mitaga bosim o`tkazishda biz bilan birga bo`lishingizni so`rayman”, deb yozgan Freyzer.






