AsosiyJamiyat

Konstitusiyaviy qonuni loyihasining 52-moddasi o`qituvchilar himoyasiga bag`ishlanmoqda

'Konstitusiyaviy qonuni loyihasining 52-moddasi o`qituvchilar himoyasiga bag`ishlanmoqda'ning rasmi

Avval xabar berganimizdek, “O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyaviy qonuni loyihasi ma`qullandi

Loyihaning 52-moddasiga ko`ra:

O`zbekiston Respublikasida o`qituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, sog`lom, barkamol avlodni shakllantirish hamda tarbiyalash, xalqning ma`naviy va madaniy salohiyatini saqlash hamda boyitishning asosi sifatida e`tirof etiladi.

Davlat o`qituvchilarning sha`ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o`sishi to`g`risida g`amxo`rlik qiladi.

Konstitusiyaga o`qituvchilar bilan bog`liq modda kiritilayotgani — jamiyatda ushbu kasb egalariga nisbatan yillar davomida shakllangan munosabatni ijobiy tomonga o`zgartirish yo`lida tashlangan qadam, deya baholash mumkin. Chunki ta`lim sifatining orqaga ketishi — o`qituvchining mehnati qadrsiz bo`lgani bilan bevosita bog`liq. 

Mustaqillikning dastlabki mashaqqatli yillaridan boshlab ijtimoiy soha vakillari, xususan o`qituvchilarning obro`si va mavqei sezilarli darajada tushib ketdi. Oylik maoshlari, ish sharoitlari haminqadar bo`lganining ustiga ularni turli qo`shimcha yumushlar bilan ham band qilinar edi. Bunday sharoitda ishlaydigan o`qituvchi sifatli ta`lim berishi mumkinmi?

Ishonch bilan aytishimiz mumkin-ki, bu borada so`nggi yillarda salmoqli o`zgarishlar amalga oshirildi. Birinchi navbatda o`qituvchilar majburiy mehnatdan– paxta terimi, obodonlashtirish ishlariga jalb qilishdan xalos qilindi.

Ta`lim dargohlaridagi ortiqcha qog`ozbozlikka ham chek qo`yildi. Qonunchilikda belgilangan 6ta ish hujjatidan boshqa hisobot va taqvimlar yuritilishi qat`iyan man qilindi.

Yuksak salohiyatli o`quvchilarni tayyorlash ma`naviy boy va intellektual rivojlangan avlodni shakllantirish maqsadida 

Prezident, ijodiy va ixtisoslashtirilgan maktablar maktablar tashkil etilib, ta`lim sifatining ilg`or andozalari qo`llanilmoqda.

Qog`ozbozlikdan ozod qilish, hisobotlarni qo`lda yozish, har bir dars bo`yicha har yili qayta-qayta ko`chiriladigan dars rejalarini qayta yozish va hokazolarga chek qo`yish uchun “Kundalik” elektron ta`lim platformasi keng joriy qilindi. 

Va, eng asosiysi, o`qituvchilarning oylik maoshlari muttasil oshirib borilmoqda. Umumta`lim fanlari bo`yicha tegishli darajadagi sertifikatga ega bo`lgan pedagog kadrlarga har oy qo`shimcha 20 foizdan 50 foizgachaustama to`lanadi. O`qituvchilarga imtiyozli iste`mol kreditlarini berish, olis hududlarga borib ishlayotgan yuqori malakali pedagoglar uchun ustamalar belgilash joriy etildi.

Shuningdek, 2022 yil 1 sentyabrdan boshlab Xalq ta`limi vazirligi tizimidagi umumiy o`rta ta`lim muassasalari kutubxonalari va «Bolalar kutubxonalari» xodimlarining lavozim maoshi miqdori 1,2 baravarga oshirildi.

Mazkur norma davlat organlari va boshqa tashkilotlarning pedagoglarning sha`ni va qadr-qimmati kamsitilishiga, ularning mehnatga majburlanishiga, ta`lim-tarbiya jarayoniga to`sqinlik qilishning har qanday shakllariga, o`qituvchilarning huquqlari buzilishiga yo`l qo`ymaslik bo`yicha qonun hujjatlarida nazarda tutilgan choralarni ko`rishga xizmat qiladi. 

Shuningdek, O`zbekistonda faoliyat yuritayotgan 685 mingdan ortiq o`qituvchilarni davlat tomonidan professional o`sishi hamda ijtimoiy va moddiy qo`llab-quvvatlanishini kuchaytirilishi ularning jamiyatdagi ijtimoiy maqomi va obro`sini yanada oshirishga olib keladi.

O`qituvchilarning obro`sini oshirish, qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligini ta`minlash kabi vazifalarni Konstitusiyada belgilab qo`yilishi bolalarimizning sifatli va zamonaviy ta`lim olishiga, kelajakda farovon yashashiga xizmat qiladi. O`qituvchilarning aksariyati — byudjetdan maosh oladigan insonlardir. Ularni mahalliy amaldorlar yana tekin xizmatkorga aylantirib qo`ymasligi uchun ham ushbu norma juda muhim. Konstitusiya orqali ularning maqomi oshirilishi o`qituvchilarga bo`lgan ehtiromni va ushbu kasbning qanchalik qadrli ekanini ko`rsatadi.

    Boshqa yangiliklar