AsosiyJamiyat

Zangiotadagi kovid-kasalxona vaqtincha boshqa joyga ko`chirildi

'Zangiotadagi kovid-kasalxona vaqtincha boshqa joyga ko`chirildi'ning rasmi

Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi Ixtisoslashtirilgan yuqumli kasalliklar shifoxonasi boshqa joyga ko`chirilgani sabab poytaxtdan yangi manzilga qatnovchi yangi jamoat transporti yo`nalishi yo`lga qo`yiladi. Bu haqda O`zA xabar berdi.

Ijtimoiy tarmoqlardagi Ixtisoslashtirilgan yuqumli kasalliklar shifoxonasi vaqtinchalik ko`chirilgani va jamoat transporti mavjud bo`lmagani xodimlarga noqulaylik tug`dirayotgani to`g`risida xabarlar tarqaldi.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo`mitasi matbuot xizmatining ta`kidlashicha, mazkur holat yuzasidan amaliy yordam so`rab Transport vazirligiga murojaat qilingan.

Natijada 2-son Zangiota yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yangi shahar jamoat transporti yo`nalishini tashkil etish yuzasidan Toshkent shahar transport bosh boshqarmasi va Toshkent viloyati transport boshqarmasi mutasaddi xodimlari tomonidan atroflicha o`rganish ishlari olib borilgan.

O`rganish natijasiga ko`ra, shifoxonadan 5-metro bekatigacha bo`lgan masofa 6,9 kilometrni tashkil etayotgani, shifoxonaga kelib-ketayotgan ishchi-xodimlarga noqulayliklar yuzaga kelayotgani sababli yangi avtobus yo`nalishini tashkil etish maqsadga muvofiqligi ma`lum bo`lgan.

Toshkent shahar transport bosh boshqarmasi bergan ma`lumotiga ko`ra, hozirgi kunda metro bekatidan Zangiotadagi klinikaga qadar 154-sonli yo`nalish ishlab chiqilib, tenderga qo`yilgan. Yo`nalish tender o`tkazilgandan so`ng 21 martgacha ishga tushiriladi.

    Boshqa yangiliklar