Malayziya Markaziy Osiyo davlatlari, xususan, O`zbekiston yoshlari uchun oliy ta`lim muassasalarida tahsil olish imkoniyatini kengaytirmoqda. Bu haqda Toshkentda O`zbekiston Oliy ta`lim, fan va innovasiyalar vaziri o`rinbosari Sarvarxon Buzrukxonov va Malayziya global ta`lim xizmatlari agentligi (EMGS) raisi Abdul Razzoq Ahmad o`rtasidagi muzokaralarda ma`lum qilindi.
Yuqori martabali mehmon Markaziy Osiyo davlatlari bilan oliy ta`lim sohasidagi hamkorlik alohida ahamiyat kasb etishini ta`kidladi.
«O`zbekiston – inson salohiyati borasida porloq istiqbolga ega mamlakat. Malayziya bu borada ko`mak berishga tayyor. Albatta, bu har ikki tomon uchun manfaatli bo`lishi kerak. Biz faqat talaba almashuvi emas, startaplar, qo`shma ilmiy tadqiqotlar bo`yicha ham hamkorlik qilish istagidamiz. Shuningdek, o`zbekistonlik yanada ko`proq talabalar Malayziya OTMlarida magistratura va doktorantura bosqichlarida tahsil olishi tarafdorimiz», – deydi doktor Abdul Razzoq Ahmad «Xabar.uz» muxbiri bilan suhbatda.
Qayd etilishicha, Malayziya islom moliyasi, islom banki, muhandislik, tibbiyot, turizm kabi yo`nalishlarda o`z tajribasi bilan o`rtoqlashishga tayyor.
Ayni choqda, Malayziya global ta`lim xizmatlari agentligi raisi o`zbekistonlik yoshlar IT, matematika, fizika va boshqa aniq fanlar bo`yicha peshqadam ekanini urg`uladi.
Avval xabar berganimizdek, Malayziyaning yurtimizdagi elchisi Hendi Assan ham o`zbekistonlik iqtidorli yoshlarni xalqaro reytinglarda yuqori o`rinda turuvchi oliy ta`lim muassasalarida tahsil olishga taklif etgan edi.
Ma`lumotlarga qaraganda, hozirda Malayziyada 150 ga yaqin davlatdan 120 mingdan zid xorijlik talaba tahsil olmoqda. Mamlakat YuNESKO tomonidan chet ellik talabalar soni bo`yicha dunyo o`ntaligiga kiritilgan.






