Shavkat Mirziyoev viloyat deputatlari va faollari bilan maslahatlashib, viloyat hokimi vazifasini bajarib kelayotgan Qosimov Ulug`bek Berdiqobilovich nomzodini Surxondaryo viloyati hokimi lavozimiga taklif qildi.
Prezident viloyatda oxirgi besh yilda sanoat, qishloq xo`jaligi va xizmat ko`rsatish sohalarida 15 mingdan ziyod korxona ishga tushganini aytdi.
“Bugun yig`ilishdan keyin ishga tushiriladigan 6 ta korxonada ham qo`shimcha 2 mingta yangi ish o`rni yaratildi, viloyat ishlab chiqarishiga 370 milliard so`m, eksportiga 20 million dollar qo`shiladi. 2022 yilda ishga tushgan “Zarchob-1” va “Zarchob-2” mikro GESlarida yiliga 201 million kilovatt soat elektr ishlab chiqarilmoqda. Bugun ishga tushadigan “To`palang GES”da yiliga yana 467 million kilovatt soat elektr ishlab chiqarish qo`shiladi”, — dedi davlat rahbari.
Prezident 257 ta maktab qurildi va rekonstruksiya qilingani, bog`cha qamrovi 18 foizdan 62 foizga etkazilganini alohida ta`kidladi.
Shuningdek, viloyatda:
• 302 ming aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suvi bilan ta`minlandi;
• 1 ming kilometr xalqaro va 3 ming kilometr ichki yo`llar ta`mirlandi.
“Eng asosiysi, odamlarimiz va tadbirkorlarda kelajakka ishonch paydo bo`ldi. Endi, ko`nglimdagi bitta gapni aytsam. Agar yana bir-ikki yil birgalikda qattiq ishlasak, Surxondaryoda juda katta rivojlanish, o`sish bo`ladi. Shu bois, 13 ta tuman hokimi lavozimiga respublika idoralarida ishlagan, malakali kadrlarni qo`ydik.
Bugungi sessiyada Surxondaryo viloyatiga hokim tayinlash bo`yicha tashkiliy masalani ko`rib chiqishimiz kerak. Viloyat deputatlari va faollari bilan maslahatlashib, viloyat hokimi vazifasini bajarib kelayotgan Qosimov Ulug`bek Berdiqobilovich nomzodini bu lavozimga taklif qilaman. Ulug`bek Qosimovga berilgan qisqa vaqt va imkoniyat Surxondaryodagi vaziyat va aholi tashvishlarini chuqur o`rganish uchun etarli, deb hisoblayman”, — dedi Shavkat Mirziyoev.






