AsosiyJamiyat

Xatirchi tumani XTB mansabdorlariga nisbatan jinoyat ishi qo`zg`atildi

'Xatirchi tumani XTB mansabdorlariga nisbatan jinoyat ishi qo`zg`atildi'ning rasmi

Murojaatga asosan byudjet mablag`larini talon-toroj qilgan mansabdorlar fosh etildi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi matbuot xizmati xabar qildi. 

Ma`lum qilinishicha, Navoiy viloyatida yashovchi fuqaro N.O.ning Navoiy viloyati, Xatirchi tumani Xalq ta`limi bo`limi mansabdor shaxslarining xatti-harakatlaridan hamda bo`limdagi ijtimoiy-ma`naviy muhitdan norozi bo`lib, Prezident Virtual qabulxonasiga yo`llagan murojaatlari Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan ko`rib chiqildi.

O`rganish natijasiga ko`ra, muallifning shikoyatlari hamda to`plangan hujjatlar vakolat doirasida ko`rib chiqish uchun tegishli idoralarga yuborilgan edi.

Shunga asosan Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Navoiy viloyat boshqarmasi tomonidan o`tkazilgan tergovga qadar tekshirishda Xatirchi tuman Xalq ta`limi bo`limi mansabdor shaxslari o`zaro jinoiy til biriktirib, 2022 yil iyun-dekabr oylarida 43,6 mln so`m miqdoridagi rag`batlantirish va ish haqlarini noqonuniy hisoblab, byudjet mablag`larini talon-toroj qilganliklari aniqlandi.

Mazkur holat yuzasidan 2023 yil 26 fevral kuni Xatirchi tuman Xalq ta`limi bo`limi mansabdor shaxslariga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 167-moddasi 2-qism "g2 bandi bilan jinoyat ishi qo`zg`atildi.

Hozirda ushbu jinoyat ishi doirasida prokuratura idoralari tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

    Boshqa yangiliklar