Davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida korrupsiyaga qarshi kurashish bo`yicha chora-tadbirlarning samaradorligi reyting baholashdan o`tkazildi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Axborot xizmati xabar bermoqda.
Ma`lumot uchun: O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 12 yanvardagi PQ-81-son qaroriga ko`ra, baholash 29 ta maxsus indikatorlar asosida “E-Anticor.uz” elektron platformasi orqali amalga oshiriladi.

Reyting baholash natijalarining xolisligini ta`minlash maqsadida fuqarolik jamiyati institutlari vakillaridan iborat bo`lgan Reyting baholashni mustaqil amalga oshiruvchi ekspertlar guruhi shakllantirildi.
Baholash natijalariga ko`ra, 62 ta davlat tashkilotining korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligi 0 balldan 100 ballgacha reytingda baholanib, 12 ta tashkilot faoliyati samaradorligi “yaxshi” – (81-100 ball), 30 ta tashkilot “qoniqarli” – (55-80 ball) va 20 ta tashkilot “qoniqarsiz” – (55 balldan past) toifalarga ajratildi.
Tahlil natijalari davlat tashkilotlari faoliyatidagi korrupsiyaga qarshi kurashish yo`nalishida bir qator kamchiliklar mavjudligini ko`rsatdi.
Rahbarning korrupsiyaga qarshi kurashish bo`yicha shaxsiy tashabbusi etarli emasligi, javobgarlik mexanizmining belgilanmaganligi hamda samarali korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini joriy etish bo`yicha e`tibor qaratilmaganligi tashkilotlar faoliyati qoniqarsiz baholanishiga sabab bo`lgan.
Jumladan, Surxondaryo viloyati hokimligi (11 ball), Suv xo`jaligi vazirligi (13 ball), Andijon viloyat hokimligi (18 ball) va Energetika vazirligida (21 ball) korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimi samarali joriy etilmagan.
Baholash natijalariga ko`ra, "qoniqarli" deb topilgan davlat tashkilotlari faoliyatida korrupsiyaga qarshi kurashish bo`yicha belgilangan choralar amalga oshirilgan bo`lsa-da, ayrim masalalarga e`tiborsizlik bilan qarash, shu jumladan, belgilangan tadbirlar ijrosini nazorat qilish sohasida kamchiliklar mavjudligi kuzatildi.
Shu bilan birga, ushbu idoralarda korrupsiyaga qarshi belgilangan talablarning doimiy ravishda bajarilishini nazorat qilish bo`yicha samarali tizim yaratilmagan.
12 ta davlat tashkilotining korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyati samaradorligi “yaxshi” deb baholandi. Mazkur tashkilotlar tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish bo`yicha belgilangan choralar tizimli ravishda amalga oshirilgan.
Xususan, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash va ularni minimallashtirish bo`yicha aniq va manzilli choralar ko`rilgan hamda korrupsiyaga qarshi kurashishda tashkilot rahbarlari shaxsiy namuna sifatida o`rnak bo`lgan.
Masalan, Bojxona qo`mitasida (87 ball) “Korrupsiyaviy xavflarni boshqarish” avtomatlashtirilgan axborot tizimi joriy etilgan bo`lib, barcha xodimlarning faoliyatini sun`iy intelekt yordamida baholash hamda xavfi yuqori bo`lgan xodimning shaxsi haqida “axborot portreti”ni onlayn shakllantirish tizimi yo`lga qo`yilgan.
Shuningdek, Soliq qo`mitasining barcha tarkibiy hududlarida ichki nazorat tuzilmalari faoliyati yo`lga qo`yilgan bo`lsa, yaxshi natija qayd etgan tijorat banklarida esa korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va kamaytirishning samarali mexanizmi joriy etilgan hamda xodimlar o`rtasida korrupsiyaning oldini olish bo`yicha targ`ibot tadbirlari tizimli yo`lga qo`yilgan.

Reyting baholash tizimi korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida belgilangan vazifalarni samarali monitoring qilish bilan birga, sohada sog`lom raqobat muhitini kuchaytirish hamda tashkilot rahbarlarining mas`uliyatini yanada oshirish imkonini berdi.
Baholash yakunlari bo`yicha “yaxshi” deb baholangan davlat tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi ijobiy tajribasi ommalashtiriladi.
“Qoniqarli” deb baholangan davlat tashkilotlariga ularning korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi faoliyatini yanada yaxshilash bo`yicha tavsiyalar kiritiladi.
“Qoniqarsiz” deb baholangan davlat tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashishda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va ularning ushbu yo`nalishdagi faoliyatini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqiladi va ijrosi ta`minlash yuzasidan tegishli rahbarlarning hisobotlari har chorakda O`zbekiston Respublikasining Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yig`ilishlarida eshitib boriladi.
Reyting baholash natijalari Milliy kengashga yuborildi.






