13 mart kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Termiz shahridagi “Yosh chegarachilar” harbiy-akademik liseyida o`tkazilgan uchrashuvda “El-yurt fidoyisi” ko`krak nishonini ta`sis etishni taklif qildi. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, davlat rahbari vatan himoyasi yo`lida halok bo`lgan mard insonlarni voyaga etkazgan ota-onalari, farzandlari doimo ardoqda bo`lishi zarurligini ta`kidlab, ko`krak nishoni ta`sis etishni taklif qilgan.
Bu nishon guvohnomasi Oliy Bosh qo`mondon tomonidan imzolanadi. Ushbu e`tirof egalari barcha imtiyozlarga ega bo`ladi.
“Harbiy-jangovar salohiyat va yuksak ma`naviy salohiyat O`zbekiston Qurolli Kuchlarining ikki buyuk tayanchiga aylanishi zarur”, dedi prezident.
Davlat rahbari Vatan ozodligi yo`lida fidoyilik ko`rsatgan o`g`lonlarimiz jasorati ham yosh avlod uchun ibrat ekani, ular haqida asarlar yaratish kerakligini aytgan.
“Ezgu maqsad yo`lida birlashgan xalq va davlatni hech qanday kuch engolmaydi. Ilohim, qahramon o`g`lonlarimizning oxiratlari obod bo`lsin. Yurtimiz tinch, xalqimiz omon bo`lsin”, degan davlat rahbari so`zining yakunida.






