Prezident tomonidan imzolangan Qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga qo`shimcha va o`zgartishlar kiritildi. Bu haqda "Huquqiy axborot" xabar bermoqda.
Jumladan, Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksga kiritilgan qo`shimchaga ko`ra, O`zbekiston fuqaroligiga ega bolani ota, ona yoki ularning o`rnini bosuvchi shaxs yoxud hamrohlik qiluvchi shaxs tomonidan chet davlat hududida nazoratsiz qoldirish:
BHMning 10 baravaridan 50 baravarigacha (3 mln so`mdan 15 mln so`mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo`ladi.
Shunga ko`ra, ma`muriy huquqbuzarlik to`g`risidagi ishni ko`rib chiqishda ko`pi bilan 30 kunlik muddat belgilanib, sud ushbu huquqbuzarlikni sodir etgan shaxs zimmasiga bolani chet davlatdan O`zbekistonga qaytarish yoxud huquqbuzarlikni bartaraf etish bo`yicha choralar ko`rish majburiyatini yuklaydi.
Shuningdek, Jinoyat kodeksiga kiritilgan qo`shimchaga ko`ra, bolani chet davlatda nazoratsiz qoldirish, xuddi shunday xatti-harakat uchun ma`muriy jazo qo`llanilganidan keyin sodir etilsa yoxud bolaning sud tomonidan belgilangan muddatda O`zbekistonga qaytarilishini ta`minlamaslik 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.
O`sha qilmish og`irlashtiruvchi holatlarda sodir etilsa, uni sodir etgan shaxs 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.
Ushbu normalar mazkur Qonun rasmiy e`lon qilingan kundan e`tiboran 3 oy o`tgach amalga kiritiladi.
15.03.2023 14:23
Endi bolani chet davlatda nazoratsiz qoldirish javobgarlikka sabab bo`ladi






