AsosiyJamiyat

O`zbekiston, Qozog`iston va Qirg`iz Respublikalari Energetika vazirlari "Qambarota GES-1" qurilishi loyihasini muhokama qilishdi

'O`zbekiston, Qozog`iston va Qirg`iz Respublikalari Energetika vazirlari "Qambarota GES-1" qurilishi loyihasini muhokama qilishdi'ning rasmi

Joriy yilning 15 mart kuni Toshkent shahrida O`zbekiston, Qozog`iston va Qirg`iz Respublikalari Energetika vazirliklarining navbatdagi uch tomonlama uchrashuvi bo`lib o`tdi. Unda Qambarota GES-1 qurilishi loyihasi, elektr energetika va suv resurslari masalalari muhokama etildi.

Uchrashuvda O`zbekiston Respublikasi Energetika vaziri J. Mirzamahmudov va Suv xo`jaligi vaziri Sh. Xamraev, Qirg`iz Respublikasi Energetika vaziri T. Ibraev, Qozog`iston Respublikasi Energetika vaziri o`rinbosari J. Nurmaganbetov hamda tomonlardan bir qator tashkilotlarning rahbar xodimlari va mutaxassislari ishtirok etdi.

Yig`ilishda Qambarota GES-1 qurilishi loyihasi bo`yicha imzolangan “Yo`l xaritasi”ni amalga oshirish ishlarining borishi hamda hamkorlikning asosiy tamoyillariga oid hujjat loyihasi ko`rib chiqildi. Shuningdek, loyihani amalga oshirishga tayyorlashning asosiy bosqichlari kelishib olinib, bu borada navbatdagi yig`ilishni joriy yil mart oyining so`nggi dekadasida o`tkazishga kelishildi.

Bundan tashqari, mintaqadagi suv-energetika holati va hozirgi kundagi elektr energetika tarmog`idagi vaziyat hamda suv resurslaridan oqilona foydalanish masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashishdi. Toqtoqul suv ombori zahirasini yozgi sug`orish davri uchun asrash borasida ko`rilishi lozim bo`lgan tadbirlar muhokama qilindi.

Shuningdek, O`zbekiston va Qozog`iston energetika tizimlari orqali Qirg`iz Respublikasiga elektr energiyasi tranzitini amalga oshirish, qozoq va o`zbek elektr energiyasini Qirg`iz Respublikasiga etkazib berish hamda Uchqo`rg`on GES orqali O`zbekiston va Qozog`iston Respublikalari qishloq xo`jaligi iste`molchilariga yozgi sug`orish davri uchun suv chiqarish hajmlari kelishib olindi hamda navbatdagi uchrashuvni 2023-yilning oktyabr oyida Ostona shahrida o`tkazilishi belgilab olindi.

    Boshqa yangiliklar