O`zbekiston va Afg`oniston chegarasidagi neytral hududda rejali tartibda navbatdagi yoqish ishlari olib borilmoqda. Shu sababli Surxondaryo viloyati hokimligi aholi o`rtasida vahima keltirib chiqaruvchi xabarlar tarqatmaslikka chaqirdi.
Ma`lum qilinishicha, ikki davlat chegarasidagi neytral hududda joylashgan Amudaryo ichkarisidagi kichik orolchalarda paydo bo`lgan qamishzorlarda turli kasalliklar tashuvchisi hisoblangan zararkunanda hasharotlar ko`payishi va yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olish uchun rejali tartibda navbatdagi yoqish ishlari olib borilmoqda.
Mazkur tadbir mutasaddi idoralar ruxsati hamda mas`ul organlarning o`zaro kelishuvi asosida amalga oshirilib, orolchalardagi yong`in harakatlari va ko`lami to`liq nazoratga olingan.
“Ushbu tadbir yovvoyi qamishzorlarda belgilangan rejaga muvofiq olib borilayotganini ma`lum qilib, fuqarolardan ortiqcha vahimaga berilmaslikni, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan esa aholi o`rtasida vahima keltirib chiqaruvchi yolg`on axborotlarni tarqatmaslikni so`raymiz”, — deyiladi hokimlik xabarida.