AsosiyDunyo

Rossiyada to`rt nafar o`zbekistonlik YTHda og`ir jarohat oldi

'Rossiyada to`rt nafar o`zbekistonlik YTHda og`ir jarohat oldi'ning rasmi

Rossiyaning Saratov viloyatida sodir bo`lgan YTH oqibatida to`rt nafar o`zbekistonlik jarohat oldi. Bu haqda Saratov viloyati Sog`liqni Saqlash vaziri Oleg Kostin ma`lum qildi.

Qayd etilishicha, Saratov viloyatida engil avtomobil va yuk mashinasi to`qnashib ketgan. Oqibatda to`rt nafar O`zbekiston fuqarosi jabrlanib, bir kishi halok bo`lgan.

“Bugun, 20 mart kuni soat 1:46 da Fyodorov tumanidagi avtomobil yo`lida Plyos qishlog`iga burilishda engil avtomobil yuk mashinasi bilan to`qnashib ketgan. Besh kishi jarohatlangan, ulardan biri vafot etgan”, deb yozgan Kostin o`zining Telegram-kanalida.

Uning aniqlik kiritishicha, 25 yoshli yigit halok bo`lgan, 20-30 yoshlardagi to`rt nafar O`zbekiston fuqarosi jarohatlangan.

“Bir kishi ochiq kranioserebral shikastlanish, ko`krak qafasi shikastlanishi, uchinchi darajali koma bilan ahvoli o`ta og`ir holatda. Ikkinchisi yopiq bosh miya jarohati, miya chayqalishi va jarohati, umurtqa pog`onasi shikastlanishi bilan og`ir ahvolda. Uchinchisi yopiq kranioserebral shikastlanish, bosh miya chayqalishi, bel umurtqasi shikastlanishi bilan og`ir ahvolda. To`rtinchi fuqaro bosh miya jarohati va chayqalishi bilan o`rtacha og`ir ahvolda”, deb yozgan vazir.

Ma`lum qilinishicha, to`rt nafar o`zbekistonlik Fyodorov tuman shifoxonasiga yotqizilgan, ulardan ikki nafari jonlantirish bo`limida qolmoqda.

    Boshqa yangiliklar