AsosiyJamiyat

Shavkat Mirziyoev O`zbekiston xalqini Navro`z bayrami bilan tabrikladi

'Shavkat Mirziyoev O`zbekiston xalqini Navro`z bayrami bilan tabrikladi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Navro`z umumxalq bayramiga bag`ishlangan tantanali marosimda nutq so`zladi va o`zbek xalqini bayram bilan tabrikladi.

“Mana shu go`zal va hayajonli damlarda muazzam “Yangi O`zbekiston” bog`ida turib, siz, qadrdonlarimni, ko`pmillatli butun xalqimizni ulug` ayyom – Navro`z bayrami bilan samimiy tabriklayman.

Bugun bepoyon Vatanimizning voha va vodiylari, shahar va qishloqlari, bog` va maydonlarida el-yurtimiz katta shodu xurramlik bilan Navro`z sayillarini o`tkazmoqda.

Qalblarimiz quvonchga to`lib turgan ushbu dilbar lahzalarda keksayu yosh jamiki yurtdoshlarimizni chin dildan qutlab, barchangizga o`zimning yuksak hurmatim va eng ezgu tilaklarimni izhor etaman.

Sharqona yangi yilimiz muborak bo`lsin!

Navro`zi olamning qadami qutlug` kelsin!

Qadrli do`stlar!

Bugun jonajon yurtimizga go`zallik va nafosat, yasharish va yangilanish, mehr va oqibat bayrami – Navro`z kirib kelar ekan, dala va qirlarimiz, bog` va yaylovlarimiz ko`klam yomg`irlari – obirahmatdan bahramand bo`lib, bo`lg`usi mo`l hosil, qut va barakadan darak bermoqda.

Har bir inson o`zining tabiat farzandi ekanini yanada chuqur anglayotgan mana shunday munavvar ayyomga el-yurtimiz bilan sog`-omon etganimiz uchun, avvalo, Yaratganimizga behad shukronalar aytamiz.

Hurmatli bayram ishtirokchilari!

Biz bugun yurtimizda Yangi O`zbekistonni – inson erkin, ozod va farovon yashaydigan jamiyat va davlatni barpo etish yo`lida fidokorona mehnat qilmoqdamiz.

Yangi O`zbekiston g`oyasi – bu 36 millionli katta xalqimizning azmu qarori, uning hayot mazmunidir.

Bu olijanob maqsad Navro`zi olam falsafasi va qadriyatlari bilan g`oyat uyg`un va hamohangdir.

Inson qadrini ulug`lash, har bir fuqaroning haq-huquqlari, qonuniy manfaatlarini amalda ta`minlash, barcha shahar va tumanlar, olis va chekka hududlar aholisi uchun munosib sharoit yaratib berish, oddiy qilib aytganda, xalqimizni rozi qilish – mana, bizning bosh maqsadimiz.

Shu ezgu yo`lda iqtisodiyotimiz va ijtimoiy sohalarni har tomonlama rivojlantirish, ilm-fan, ta`lim va tarbiya, sog`liqni saqlash, madaniyat va san`at, sog`lom turmush tarzi va sport, ona tabiatni asrash kabi yo`nalishlarda boshlagan katta-katta dasturlarimizni jadal davom ettiramiz.

Hayotimizni yanada go`zal va obod qilishda biz mo``tabar otaxon va onaxonlarimizdan, ularning dono maslahatlari va duoi fotihalaridan kuch-quvvat olamiz.

Milliy taraqqiyotimizni yangi bosqichga ko`tarish yo`lida mardona mehnat qilayotgan hurmatli aka-ukalarimiz, aziz opa-singillarimizga – butun xalqimizga ishonamiz va tayanamiz.

Shu qutlug` ayyomda sizlarning har biringizga Vatan ravnaqi yo`lida qilayotgan munosib xizmatingiz uchun qo`limni ko`ksimga qo`yib, chin yurakdan tashakkur bildiraman.

Siz, azizlar oldimizda turgan muhim siyosiy tadbirda ham yuksak siyosiy tafakkur va madaniyatingizni namoyon etib, erishgan yutuqlarimiz va  islohotlarimizni qat`iy davom ettirish uchun mustahkam huquqiy asos yaratishga o`z hissangizni qo`shasizlar, deb ishonaman.

Mana shu betakror lahzalarda ko`klamning har bir kuni, har bir soatini g`animat bilib, dalasiga yo`l olayotgan mirishkor dehqon va fermerlarimizga eng ezgu tilaklarimizni bildiramiz.

Bugun katta orzu-umidlar bilan saflarimizga kirib kelayotgan navqiron o`g`il-qizlarimizni – Yangi O`zbekiston bunyodkorlarini barchamiz samimiy olqishlab, ularga baxt va omad tilaymiz.

Men bir fikrni takror va takror aytishdan charchamayman – har tomonlama sog`lom va barkamol, bilimli va serg`ayrat yoshlarimiz eng yuksak marralarni egallashlari uchun biz barcha imkoniyat va sharoitlarni yaratib beramiz.

Aziz farzandlarimiz el-yurtimiz ishonchini oqlab, katta-katta g`alabalarga erishayotgani barchamizni cheksiz quvontiradi.

Kuni kecha futbol bo`yicha O`zbekiston yoshlar terma jamoasi qizg`in bellashuvlarda mustahkam iroda va mahorat namunasini ko`rsatib, Osiyo chempioni degan yuksak sharafli nomga sazovor bo`ldi.

Ayni paytda ular Indoneziyada bo`lib o`tadigan jahon chempionatida qatnashish huquqini ham qo`lga kiritdilar.

Shu bilan birga, O`zbekiston yoshlari xokkey bo`yicha o`n sakkiz yosh toifasida barcha raqiblarni ortda qoldirib, Osiyo chempionligini qo`lga kiritdilar.

Mamlakatimiz sport tarixida ilk bor mana shunday katta zafar qozongan yosh xokkeychilarimizga har qancha tahsinlar aytsak, arziydi.

Ayniqsa, iqtidorli hujumchimiz Jasurbek Rustamxonov musobaqa davomida o`n to`rtta gol urib, chempionatning haqiqiy qahramoniga aylandi.

Shuningdek, yurtimiz yosh shaxmatchilarining yuksak intellektual salohiyati dunyo bo`ylab tillarda doston bo`lmoqda, desak, aslo mubolag`a bo`lmaydi.

Yaqinda Toshkentda xotin-qizlar o`rtasida o`tkazilgan xalqaro turnirda iste`dodli shaxmatchi qizimiz Nilufar Yoqubboeva 100 dan ortiq xorijiy ishtirokchilar qatnashgan musobaqada faxrli ikkinchi o`rinni qo`lga kiritganini alohida ta`kidlab aytmoqchiman.

Mana shunday umidbaxsh yutuqlari bilan azmu shijoatli farzandlarimiz yurtimiz yoshlari qanday ulkan ishlarga qodir ekanini yana bir bor yaqqol namoyon etdilar.

Shu kabi g`oyat muhim yutuqlarga yoshlarimiz ilm-fan, madaniyat va san`at, adabiyot sohalarida ham erishib kelmoqdalar.

Shu munosabat bilan yosh chempion va sovrindorlarimizni, ularning ustoz va murabbiylari, ota-onalarini, barcha sport muxlislarini, butun xalqimizni chin qalbimdan tabriklayman.

Bu, hech shubhasiz, azamat yoshlarimizning el-yurtimizga haqiqiy Navro`z sovg`asi bo`ldi.

Yangi O`zbekistonga albatta mana shunday g`alabalar yarashadi.

Yangi O`zbekistonga millionlab tengdoshlariga o`rnak va namuna bo`ladigan mana shunday vatanparvar, qahramon yoshlar kerak.

O`z davrida jahonni lol qoldirgan buyuk ajdodlarimizning munosib davomchilari bo`lgan bunday yoshlarimiz bilan xalqimiz, Vatanimiz haqli ravishda faxrlanadi.

Katta rahmat sizlarga, aziz farzandlarim! 

Hayot yo`llaringizda barchangizga doimo yangi omad va zafarlar yor bo`lsin!

Muhtaram vatandoshlar!

Mir Alisher Navoiy bobomizning olam ahliga, biz – avlodlarga qarata “Har kuning Navro`z bo`lsin!” deb aytgan tilaklarini hammamiz yaxshi bilamiz.

Shu ma`noda, keksalarga hurmat, kichiklarga izzat ko`rsatish, yordam va ko`makka muhtoj kishilarni qo`llab-quvvatlash, bemorlarning dardiga darmon bo`lish kabi xalqimizga xos savobli amallarni nafaqat Navro`z ayyomida, balki har kuni, vijdon amri bilan ado etishimiz lozim.

Bugun biz barpo etayotgan ijtimoiy va xalqparvar davlatda mehr-shafqat, saxovat va himmat, o`zaro hurmat va hamjihatlik hayotimiz qoidasiga aylanishi zarur.

Men barchangizni, avvalambor, rahbar va mutasaddilarni shu borada yanada faol va samarali harakat qilishga da`vat etaman.

Toki azaldan “odamiylik diyori” deb shuhrat qozongan Vatanimizda har bir inson xalqimiz va davlatimizning mehri va e`tiborini to`la his qilib yashasin.

Qadrli do`stlar!

Bu yilgi xosiyatli Navro`z fasli yurtimizga ko`plab quvonchli voqealar, qo`shaloq bayramlarni boshlab kelmoqda.

Shu kunlarda barchamiz yana bir qutlug` va fazilatli oy – muqaddas Ramazoni sharif arafasida turibmiz.

Bugungi imkoniyatdan foydalanib, yurtimiz musulmonlarini, butun islom ummatini ana shu tabarruk ayyom bilan chin qalbimdan muborakbod etaman. 

Ushbu ilohiy oyda qiladigan xayrli amallarimiz qabul bo`lib, ezgu va pok niyatlarimiz ijobat topishini tilayman.

Ayni vaqtda mamlakatimizda ertaga nishonlanadigan Mahalla tizimi xodimlari kuni bilan ham barchangizni qutlayman.

Mustaqillik yillarida Navro`zi olam diyorimizdagi barcha millat va elat vakillarini yagona va ahil oila etib birlashtiradigan do`stlik va nafosat bayramiga aylanganini biz yuksak qadrlaymiz.

Bunday noyob va bebaho boyligimizni hamisha ko`z qorachig`iday asrab-avaylaymiz.

Tinchlik va bag`rikenglik elchisi bo`lgan bu ayyom – 21 mart Birlashgan Millatlar Tashkiloti qarori bilan Xalqaro Navro`z kuni sifatida keng nishonlab kelinayotgani albatta barchamizni xursand qiladi.

Fursatdan foydalanib, bizga hurmat ko`rsatib, bugungi sayil-shodiyonamizda ishtirok etayotgan xorijiy davlatlarning muhtaram elchilarini, xalqaro tashkilotlar vakillarini chin dildan qutlab, ularning mamlakatlari va xalqlariga samimiy salom va ezgu tilaklarimizni yo`llaymiz.

Aziz va muhtaram vatandoshlarim!

Barchangizni, butun xalqimizni Navro`z umumxalq bayrami bilan yana bir bor tabriklayman.

Fasli navbahor har bir oila, har bir mahallaga, elu yurtimizga tinchlik va farovonlik, baxtu saodat olib kelsin!

Barcha ezgu ishlarimizda Yaratganning o`zi madadkor bo`lsin!

Yurtimiz tinch, xalqimiz omon bo`lsin!

Navro`zi olam barchamizga muborak bo`lsin!” - dedi davlat rahbari.

    Boshqa yangiliklar