Ijtimoiy tarmoqlar va internet nashrlarida Moskvadagi qurilishda Tojikiston va O`zbekiston fuqarolari ommaviy mushtlashgani haqida xabar tarqaldi.
Moskva shahridagi “Ant Yapi” korxonasi qurilish obektida ishlayotgan O`zbekiston fuqarolari ishtirokida ommaviy mushtlashuv sodir bo`lgani haqida Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi quyidagilarni ma`lum qildi.
Konsullik bo`limi va Tashqi mehnat migrasiyasi agentligining Moskvadagi vakolatxonasi xodimlari voqea joyiga borib, obektda qurilish ishlari vaqtincha to`xtatilganini, ishchilarning yashash joyi va hudud polisiya himoyasi ostida ekaniga ishonch hosil qildi.
Ma`lum bo`lishicha, ommaviy mushtlashuvga shu yilning 18 mart kuni oshxonada navbat kutish vaqtida yuzaga kelgan tushunmovchilik sabab bo`lgan. Tortishuv 50-60 nafar fuqaro ishtirokida ommaviy mushtlashuvga aylangan.
Voqea joyiga zudlik bilan etib kelgan ichki ishlar xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida 40 ga yaqin xodim qo`lga olinib, vaziyatga oydinlik kiritish uchun ichki ishlar bo`limiga olib ketilgan.
Ta`kidlash kerak, mavjud ma`lumotlarga ko`ra, qo`lga olinganlar so`roq qilinib, tushuntirish xati yozilgach, qo`yib yuborilgan.
"Og`ir tan jarohati olgan va jabrlanganlar orasida O`zbekiston fuqarolari yo`q. Yaqin kunlarda konsullik bo`limi va Tashqi mehnat migrasiyasi agentligining Moskvadagi vakolatxonasi xodimlari vaziyatga oydinlik kiritish uchun qurilish kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuv o`tkazishni rejalashtirmoqda" deyiladi xabarda.