Shavkat Mirziyoev O`zbekiston mahalla tizimi xodimlari va faollariga tabrik yo`lladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Quyida tabrik matni to`liq holda keltiriladi.
“Qadrli vatandoshlar!
Hurmatli mahalla tizimi xodimlari va faollari! Avvalo, siz, azizlarni, sizlarning timsolingizda ko`p millatli butun xalqimizni mamlakatimizda keng nishonlanayotgan muhim sana – Mahalla tizimi xodimlari kuni bilan chin qalbimdan tabriklab, barchangizga o`zimning hurmat-ehtiromimni bildiraman.
Milliy o`zligimiz timsoli bo`lgan mahallalarimiz go`zal va betakror vatanimizda tinchlik va ahillik, o`zaro hurmat va hamjihatlik makoniga aylangani bilan albatta barchamiz faxrlanamiz. O`zini o`zi boshqarishning noyob tizimi bo`lgan bu idoraning nufuzini oshirish, uni chinakam xalq vijdoniga aylantirish, huquq va vakolatlarini kengaytirish, moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlash borasida keyingi yillarda ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.
Bu ishlar avvalo bandlikni ta`minlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar, xotin-qizlar, yoshlar, nuroniy otaxon va onaxonlarimizga manzilli yordam ko`rsatish, fuqarolarni zamonaviy kasb-hunar va tadbirkorlikka o`qitish, kambag`allikni qisqartirish hamda ma`naviy-ma`rifiy tadbirlar bilan uyg`un holda olib borilayotgani diqqatga sazovordir.
Ayniqsa, barcha soha va yo`nalishlar bo`yicha “mahallabay” ishlash tizimi keng joriy etilib, mahalla raisi, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar etakchisi hamda profilaktika inspektoridan iborat ta`sirchan tuzilma faoliyati yo`lga qo`yilgani ijobiy samara bermoqda.
Buning tasdig`ini mahallalarda tadbirkorlik rivojlanib, yangi ish o`rinlari, doimiy daromad manbalari yaratilayotgani, barqaror ijtimoiy-ma`naviy muhit mustahkamlanib, jinoyatchilik kamayib borayotgani misolida ko`rish mumkin. Birgina o`tgan yilning o`zida mahalla faollari ko`magida yuz minglab ishsiz fuqarolarning bandligi ta`minlangani, 9 ming 400 dan ortiq mahallaning qariyb 3 mingtasi yoki 31 foizida jinoyat sodir etilishiga yo`l qo`yilmagani shundan dalolat beradi.
Mahallalarni obod qilish, ularning infratuzilmasini rivojlantirish borasidagi ishlarimiz mamlakatimiz qiyofasini tubdan o`zgartirib, xalqimiz turmush darajasi va madaniyatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda. Bu haqda so`z yuritganda, 2022 yilda “Obod qishloq”, “Obod mahalla” hamda boshqa dasturlar doirasida byudjetdan ajratilgan qariyb 27 trillion so`m mablag` hisobidan 4 mingta mahallada keng ko`lamli qurilish va obodonchilik ishlari amalga oshirilgani, yuzlab maktab, bog`cha, tibbiyot maskanlari barpo etilgani va yangilangani, elektr energiyasi, ichimlik suvi, tabiiy gaz va issiqlik ta`minoti, yo`l va transport tizimlari faoliyati yaxshilanganini ta`kidlash lozim. 2023 yil – “Insonga e`tibor va sifatli ta`lim yili”da ushbu maqsadlar uchun yana 5 ming 800 ta mahallaga 30 trillion so`m mablag` yo`naltiriladi.
Eng muhimi, yurtdoshlarimizning ijtimoiy faolligi, o`z mahallasi, el-yurtimiz taqdiri va kelajagiga daxldorlik hissi ortib bormoqda. Bu borada “Tashabbusli byudjet” dasturi joriy etilgani muhim rol o`ynamoqda. Ushbu dastur doirasida ilgari surilayotgan takliflar asosida aholi hayotiga taalluqli ko`pgina dolzarb masalalar o`z vaqtida va samarali hal etilmoqda.
Aziz yurtdoshlar!
Mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy hayotimizdagi rolini yanada oshirish bundan buyon ham e`tiborimiz markazida bo`ladi. Shu maqsadda mahalla fuqarolar yig`iniga o`zi joylashgan hududdagi xalq deputatlari mahalliy kengashlari sessiyalariga takliflar kiritish, kengash qarorlari loyihalarini ishlab chiqish va muhokama qilishda ishtirok etish huquqi berilmoqda. Shuningdek, aholi o`rtasida e`tirozlarga sabab bo`layotgan ijtimoiy muammolarni aniqlash va hal etish uchun mahalla raisi tomonidan muhokamalar o`tkazish, har oyda mahalla kengashida tegishli davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining axborotlarini eshitish amaliyoti yo`lga qo`yilib, “mahalla nazorati” va “mahalla raisi so`rovi” institutlari joriy etiladi.
Bu yil tariximizda birinchi marta tajriba tariqasida har bir hududdagi bitta tumanda “mahalla byudjeti” tizimi o`rnatilib, mol-mulk va er solig`ining bir qismini mahallalarning o`zida qoldirish ko`zda tutilmoqda. Bu esa mahallalarimiz hududidagi mavjud muammolarni bevosita ular tomonidan mustaqil hal etilishida muhim ahamiyatga ega. Ushbu tajribaning amaliy natijalariga qarab, kelgusida uni butun respublikamizda yo`lga qo`yish masalasini ko`rib chiqamiz. Bir so`z bilan aytganda, mahallalarni fuqarolik jamiyatining tayanch ustuniga, chinakam xalqchil tuzilmaga aylantirish uchun barcha chora-tadbirlarni ko`ramiz.
Muhtaram do`stlar!
Yurtimizda Navro`z nafasi kezib yurgan mana shunday shukuhli kunlarda shahar va qishloqlarimiz, ovul va mahallalarimizda umumxalq hasharlari, ulkan obodonlashtirish va ko`kalamzorlashtirish ishlari olib borilmoqda. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida millionlab ko`chatlar ekilmoqda, yangi bog` va xiyobonlar barpo etilmoqda. Bugungi tinch, erkin va osuda hayotimizni qadrlash, mahallalarda, butun yurtimizda millatlararo do`stlik va hamjihatlik, mehr-oqibat muhitini mustahkamlash, yolg`iz keksalar, ehtiyojmand oilalar, bemor va nogiron insonlarni har tomonlama qo`llab-quvvatlash bo`yicha ezgu va savob ishlar kuchaytirilmoqda.
Fursatdan foydalanib, ana shunday olijanob ishlarga bosh-qosh bo`lib kelayotgan jonkuyar mahalla oqsoqollari va faollariga, o`zining fidokorona mehnati bilan el-yurtimiz ravnaqiga beqiyos hissa qo`shayotgan barcha yurtdoshlarimizga samimiy minnatdorlik bildiraman.
Biz mahallalarimizni yanada obod va farovon etishda bundan buyon ham sizlarning kuch-g`ayratingiz, boy bilim va tajribangiz, bunyodkorlik salohiyatingizga tayanamiz. Chunki, Yangi O`zbekistonni barpo etishda biz uchun eng muhim va asosiy poydevor bu – xalq ovozi, xalq fikri ustuvor bo`lgan mahalladir.
Siz, azizlarni bugungi bayram bilan, yurtimizda davom etayotgan Navro`z ayyomi hamda kirib kelayotgan muborak Ramazon oyi bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.
Barchangizga mustahkam sog`liq, xonadonlaringizga fayz-u baraka, serqirra va mas`uliyatli faoliyatingizda yutuq va omadlar tilayman”.
Shavkat Mirziyoev, O`zbekiston Respublikasi prezidenti.