1

⚡️ "Turkiy elning shiddati so`nganga o`xshayotir" Internetni “portlatgan” she`r muallifi bosimga uchradimi? Eksklyuziv intervyu

Jamiyat 22.03.2023, 22:46
⚡️ "Turkiy elning shiddati so`nganga o`xshayotir" Internetni “portlatgan” she`r muallifi bosimga uchradimi? Eksklyuziv intervyu

"Adabiyot atomdan kuchli, lekin uning kuchini o‘tin yorishga sarflamaslik kerak". Abdulla Qahhor bu so‘zlarni aytganda qanchalik haq ekanini vaqtlar o‘tib yanayam chuqurroq anglayapmiz, shubhasiz. Bugun ijtimoiy tarmoqlar rivojlangan, odamlarning o‘y-tashvishlari ko‘paygan bir vaqtda adabiyotga bo‘lgan ixlos biroz susaygandek, nazarimizda. Biroq qalbdan chiqqan bitiklar borki, o‘z o‘quvchilarini tez topadi. Bugun xalqning kechasi va buguni haqida baralla kuylay olayotgan, yaqin kunlarda birgina sheʼri bilan ijtimoiy tarmoqlarni “portlatgan”, shu bilan birga uning bu chiqishidan keyingi taqdiri jamoatchilik uchun qiziq bo‘layotgan yosh shoir Najmiddin Ermatov Darakchi.uz mehmoni bo‘ldi.  

Shoirning "Turkiy elning shiddati so‘nganga o‘xshayotir" sheʼri ijtimoiy tarmoqlarda turli bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi.Jamoatchilikni o‘ylantirgan ayrim savollarga shoirning o‘zidan javob oldik.

O‘sha sizni mashhur qilgan sheʼrning yozilish tarixi haqida gapirib bersangiz?

– Men O‘zbekiston tarixi kanalida ishlayman. O‘lganlar tinch, o‘lganlar bilan shug‘ullanamiz (kuladi). Biz tarixiy ko‘rsatuvlar qilamiz, olimlar bilan ishlaymiz va bu menga katta ilmiy baʼza bergan. Bitta akademik bilan gaplashsangiz bitta kitob o‘qigandek bo‘lasiz. U yerda ishlayotganimga ikki yil bo‘lgan bo‘lsa, shu vaqt ichida tarixiy yo‘nalishdagi minglab kitob o‘qigandek bo‘ldim. Sheʼrlarimda ham tarixning taʼsiri seziladi. O‘zim ham etnik tarixga qiziqaman. O‘sha sheʼrim ham shu holatlarning taʼsirida yozilgan. Unda hech bir siyosiy jarayon haqida gapirmaganman. Lekin sanʼatning har qanday turi zamon va makon bilan hamohang bo‘ladi. Shu jihatdan qarasak, sheʼrda kim nimani ko‘rishni xohlasa shuni ko‘radi. Hatto diniy tarafga burganlar ham bo‘ldi. Sheʼriyat bu jurnalistika emas, aniq aytish kerak bo‘lgan. Ijod bu sizni qiynayotgan ichizdagi kechinmaning qog‘ozga ko‘chishi.

Sheʼr nega bu darajada mashhur bo‘ldi?

– Sheʼr tarmoqlarda tarqalgangandan keyin, yozuvchi, adabiyotshunos Ulug‘bek Hamdam bir izoh yozdi. Mahʼsulotni qanday ko‘rinishda, qanday holatda va qaysi paytda taqdim qila olish ham ko‘p narsani belgilaydi. Menimcha asosiy sabab shunda deb o‘ylayman. Qolaversa odamlarni o‘ylantirib yurgan ayrim voqeala ham sabab bo‘ldi. Aslida matn holatda ancha yillar oldin yozilgan. U paytda adabiyot va ijod ahli orasidagina tarqalgan sheʼr edi.

Sheʼrdan keyin shoirga bosimlar, qanaqadir qo‘ng‘iroqlar bo‘ldimi?

– Bu sheʼrdan keyin menga notanish bo‘lgan raqamlarni ko‘tarmay qo‘ydim. Shu holatdan keyin yanayam aniqroq bildimki, bizda davlat senzurasi emas, ijtimoiy senzura kuchli. Yaʼni odamlarni o‘zi bosim qiladi, o‘zi senzura qiladi. Odamlarimizni o‘zi hali bir ochiqroq aytilgan gapni eshitishga tayyor emasdek tuyuldi.

Bugungi o‘zbek sheʼriyatida Abdulla Oripov, Erkin Vohidovlarning izdoshlari bormi?  

– Bizni tengqurlar orasida katta to‘lqin yetishib kelyapti. Mendan ham kuchli yozadigan, badiiy jihati to‘kis bo‘lgan sheʼrlar bor. Men bu avlodning vakili bo‘la turib bunday deyishim o‘ng‘aysizroq tuyular, lekin juda katta to‘lqin kelyapti va adabiyotni yangilashga ishtiyoqi, havasi, umidi bor avlod. Va ular hammasi o‘z nomi bilan kelyapti, o‘z nomi bilan chiqadi.

Bugun hukumatning, Yozuvchilar uyushmasining adabiyotga eʼtibori qanday va nimalar yetishmayapti, nimalar qilish kerak?

– Men ijodga davlat yoki davlatga tobe biror tashkilotning aralashishiga, qandaydir yordam berishiga qo‘shilmayman. Ijodni va ijodkorni o‘z holiga qo‘yish kerak. Chumchuqqa don berib o‘rgatganizdan keyin, qo‘lga o‘rganadi, uchishni unutadi. U xohlagan joyidan don terib yeyishi kerak.  

Bizda ko‘pchiligimizni esimizdan chiqqan zo‘r shoirlarimiz bor. Yozuvchilar uyushmasidan, davlatdan kutadigan narsam shuki, faqat maʼlum shoirlarni emas, vafot etgan yoki hammasidan qo‘l siltab, jamiyatga singib ketgan shoirlarni ham kitoblarini chiqarishga yordam berishi kerak. Zarif Sultoniy degan shoirimiz bor. Yaqinda vafot etdi. Zarif Sultoniyni o‘qib chiqqan odam umuman boshqa odamga aylanadi. Mana shu darajadagi shoirlarimiz bor.

Maddoh shoirlar haqida nima deysiz?

– Maddoh deyman, shoir so‘zini qo‘shish shartmas (kuladi). Meni bir yaqin do‘stim bo‘lsayu, sheʼri yoqmasa tanqid qilaman. Lekin uni har qanday holatda kechirsa bo‘ladi, biroq maddohni emas. Unaqalar o‘zi bilinadi. Buni aniq meʼzonlari yo‘q. O‘qiganda bilinadi.

Sizga tengqur shoirlardan kimlarga havas qilasiz?

– Tengqurlarim orasida yaxshi shoirlar ko‘p. Havas deganda, aynan qaysidir sheʼrini o‘qiysizda, eh shuni men yozsaydim deysiz. Ana shu havas bo‘ladi.  

Odamlar sheʼr o‘qiyaptimi?

– O‘qirkan-ku. Nimadir yozayotganda ommaga taʼsir qilish uchun yoziladi. Ijod unday emas, uni kimdir o‘qish-o‘qimasligi keyingi masala. Asl shoir yozayotganda ertaga odamlarga qanday taʼsir qilarkan, nima deb o‘ylarkan degan fikr bo‘lmaydi.

Ijodkor taqdirlanishi kerakmi?

– Ijodkor bir narsani yozadi. Uning o‘yi ham, ishi ham, oilasini boqishi ham, o‘sha ijodni orqasidan. Ular 24 soat ijodkor. Men va men tengilar 4 soat ijodkormiz. Boshqa payt xodimmiz. Rag‘bat olayotganlar ham bor. Hammaning o‘z o‘lchovi bor. Ularni ham to‘g‘ri tushinish kerak. Faqat mana senga uy berdim, endi uni yoz buni yoz demasa bo‘ldi.

(Batafsil suhbat Youtube'da)

Karimjon Zaripov suhbatlashdi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1