1

Pedagoglarni majburiy mehnatga jalb qilganlik uchun alohida jinoiy javobgarlik belgilandi

Jamiyat 27.03.2023, 18:56
Pedagoglarni majburiy mehnatga jalb qilganlik uchun alohida jinoiy javobgarlik belgilandi

Shavkat Mirziyoev pedagog xodimlarning xizmat vazifalarini bajarishiga to`sqinlik qilganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishni ko`zda tutuvchi qonunni imzoladi.

Avvalroq, Senatning 37-yalpi majlisida «Pedagog xodimlarning xizmat vazifalarini bajarishiga to`sqinlik qilganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan Jinoyat kodeksiga hamda Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksga qo`shimcha va o`zgartishlar kiritish haqida»gi qonun muhokama qilingan edi.

Bugun, 27 mart kuni Shavkat Mirziyoev pedagog xodimlarning xizmat vazifalarini bajarishiga to`sqinlik qilganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishni ko`zda tutuvchi qonunni imzoladi.

Unga ko`ra, pedagog xodimni mehnatga biron-bir shaklda ma`muriy tarzda majburlash uchun ma`muriy va jinoiy javobgarliklar kuchaytirilmoqda. Jumladan, umumiy holatda biror shaxsni majburiy mehnatga jalb etish 30 mln so`mgacha (100 baravar) jarimaga sabab bo`lsa, endilikda pedagoglarni majburiy mehnatga jalb qilish 45 mln so`mgacha (150 baravar) jarima bilan jazolanishi mumkin.

Jinoyat kodeksida ham pedagoglarga qarshi harakat uchun alohida jinoiy javobgarlik belgilandi va jazo kuchaytirildi. Ya`ni pedagog xodimni mehnatga biron-bir shaklda ma`muriy tarzda majburlash uchun, agar xuddi shunday qilmish uchun ma`muriy jazo qo`llanilganidan keyin sodir etilgan bo`lsa, 45 mln so`mdan 60 mln so`mgacha jarima yoki 3 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari jazosi belgilandi.

Shuningdek, ta`lim tashkiloti pedagog xodimining kasbiy faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashish yoki o`z xizmat vazifalarini bajarishiga to`sqinlik qilish uchun ham ma`muriy javobgarlik kuchaytirildi. Endilikda bu qilmish uchun fuqarolarga 2,1 mln so`mdan 4,5 mln so`mgacha jarima, mansabdor shaxslarga esa 3 mln so`mdan 6 mln so`mgacha jarima belgilanmoqda.

E`tiborli jihati, ilgari pedagogning faoliyatiga noqonuniy aralashish uchun faqat jarima jazosi belgilangandi. Endilikda ushbu qilmishni takroran sodir etgan mansabdor shaxslarga 15 sutkagacha ma`muriy qamoq belgilanishi mumkin.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1