Xorazmda oilaviy bolalar uyi rahbari uch nafar voyaga etmagan tarbiyalanuvchini 10 oy davomida viloyat adliya boshqarmasi va tuman favqulodda vaziyatlar bo`limi boshliqlari bilan jinsiy aloqada bo`lishga majburlagani haqidagi xabar ijtimoiy tarmoqlar va OAVlarda tarqalib, keng muhokamalarga sabab bo`lgach, tegishli tashkilotlar tomonidan bildirilgan bayonotlar jamoatchilikda yana e`tirozlarni paydo qilmoqda.
Rasmiylar 2022 yil 6 sentyabrda sud hukmidan xabarlari bormidi?
Ularda vaziyatni to`g`irlash imkoniyati bo`lganmi?
Nega bu holat ommaga ma`lum bo`lib, ularning g`azabiga uchragachgina tegishli tashkilotlar bu xabardan larzaga tushganliklarini bildirishmoqda?
Irina Matvienko joriy yil fevral oyining boshida Senat majlisida Xorazmdagi mana shu voqealar haqida hammaga gapirib berganligini yozgan. O`sha majlisda senatorlar, Oliy sud, Adliya vazirligi va boshqa ko`plab tashkilotlar vakillari bo`lgan va bundan xabar topgan. Lekin hech narsa bo`lmagan. Birorta tashkilot bu haqida jiddiy o`ylab ham ko`rmagan. Xuddi oddiy xabarni eshitganday, majlisdan chiqiboq barchasini unutib yuborishgan.
Xushnudbek.uz telegram kanali shunday izohlaydi.
"Oliy Sud ham, Bosh prokuratura ham, Bolalar ombudsmani ham oradan shuncha oy o`tgan bo`lishiga qaramasdan bu haqida sukut saqlashgan. Balki o`zlaricha "mundir hurmati"ni saqlagan holda davlat amaldorlarining bu sharmandachiligini yashirishgandir, kim bilsin. Adliya hamda Favqulodda vaziyatlar vazirligi esa tizimi sharmanda bo`lmasligi uchun, bu xabarni berkitishdan manfaatdor bo`lgan.
Va kecha Irina Matvienko ushbu voqealar haqida batafsil ma`lumot e`lon qilgach hamda buning natijasida ijtimoiy tarmoqlar portlagach, birdaniga hamma tashkilot "tilga kirib qoldi".
Senat ham, Oliy Sud ham, Adliya va FVV ham, Bolalar Ombudsmani ham birdaniga o`zidan sipo yasab olib, ushbu voqeadan chuqur qayg`uda ekanligi, ishni nazoratga olishgani haqida birin-ketin bayonotlar berishdi.
Bularning barchasi soxta achinishlarga boy bayonotlar. Xuddiki o`zini hech narsadan xabari yo`qday tutib, do`ppi tor kelib qolganidan noiloj berilgan bayonotlar. Agar ijtimoiy tarmoqlarda odamlar qahr va g`azab sochmaganda edi, ushbu tashkilotlar ikki dunyoda ham bu voqeaga e`tibor qaratib o`tirmasdi.
Yoki agar ular rostdan bugungi kungacha bu voqeadan bexabar bo`lgan bo`lishsa, unda bu yanada yomon. Demak, ular bir tiyinlik tayinli ish qilishmayapti, o`z vazifasini tayinli bajarishmayapti degani. Vaholanki tizim ichida turib, bu voqeadan bexabar qolib ketish uchun ko`zi ko`r, qulog`i kar bo`lish kerak", - deydi huquqshunos.
platforma.uz telegram kanali Adliya vazirligining uzundan-uzun bayonotiga munosabat bildirar ekan shunday fikr bildiradi.
"Odatda qaysidir mutasaddi biror jinoyatga qo`l urib, u ommaga oshkor bo`lib qolsa, bildiriladigan rasmiy munosabatda u allaqachon ishdan bo`shatib yuborilgan bo`ladi. Xuddi hozirgi xabardek. Koshki bu bo`shatish tizimdagi ildiz otgan muammoga echim bo`lsa?!
Vazirlik xabardan larzaga tushganini ta`kidlab, uni allaqachon bo`shatib yuborganini bildiradi.
Shu joyida yana bir savol tug`iladi. Nima sababdan xodim bo`shatilgan zahoti ommaga xabar berilmagan. Nega yashirilgan? Tushuniladiki, vazirlik bu voqea ro`y bergani uchun emas, u ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqanidan larzaga tushgan...", - deyiladi telegram kanaldi.






