O`zbekistonda ta`lim sohasiga oid hujjatlarga apostil qo`yishni tezlashtirish uchun qo`shimcha to`lov undirilayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Bilimni baholash agentligi holat yuzasidan munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, prezidentning 2022 yil 21 dekabrdagi farmoni bilan Ta`lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tugatilib, uning vazifa va funksiyalari Maktabgacha va maktab ta`limi vazirligi hamda Oliy ta`lim, fan va innovasiyalar vazirligi orasida taqsimlanishi belgilangan.
Shu sababli o`rta maxsus kasb-hunar, professional, oliy va oliy ta`limdan keyingi ta`lim sohasiga oid hujjatlarga apostil qo`yish bilan bog`liq murojaatlar 2023 yil 17 fevraldan boshlab agentlik tomonidan ko`rib chiqilmoqda. Murojaatlar Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan Reglamentga muvofiq 2 ish kunida (ayrim hollarda 10 ish kunigacha) ko`rib chiqilmoqda.
Mazkur qarorda apostil qo`yish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 20 foizi (2023-yil 1-aprel holatiga 60 ming so`m) miqdorida yig`im undirilishi belgilangan bo`lib, undirilgan yig`im tegishliligi bo`yicha 4 ta tashkilot o`rtasida taqsimlanadi. Talabgorlardan bundan boshqa hech qanday to`lov talab etilmaydi. Ma`lumotlarga ko`ra, turli firmalar tomonidan jarayonni tezlashtirib berish uchun fuqarolardan pul so`rash holatlari kuzatilmoqda.
“Agar kimdir sizdan hujjatlarga apostil qo`yish uchun qo`shimcha to`lov so`raydigan bo`lsa, ularga ishonmang. Hujjatlarga apostil qo`yish uchun BHMning 20 foizidan ortiq to`lov talab etilmaydi. Jarayonni tezlashtirib beramiz deb pul so`rayotganlar sizga hech narsa qilib bermaydi, shunchaki, pulingizni oladi xolos. Shu sababli, apostil qo`yish bo`yicha turli firmalarga murojaat qilmasdan, o`zingiz 3 xil usulda ariza berishingiz mumkin. Bular Bilimni baholash agentligi, Davlat xizmatlari markazlariga borish va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga (my.gov.uz sayti) onlayn ariza topshirish orqali amalga oshiriladi”, — deyiladi xabarda.






