AsosiyJamiyat

O`zbekistonda “Suv hisobi” axborot tizimi yaratiladi

'O`zbekistonda “Suv hisobi” axborot tizimi yaratiladi'ning rasmi

“Suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo`yicha kechiktirib bo`lmaydigan chora-tadbirlar to`g`risida”gi Prezident qarori (PQ–107-son, 01.04.2023 y.) qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda. 

Qarorga ko`ra, 2023 yil 1 apreldan qishloq xo`jaligi mahsulotlarini etishtirishda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni davlat tomonidan qo`llab-quvvatlashning quyidagi tartibi belgilanadi:

- tijorat banklari kreditlarining garov ta`minoti 50 foizgacha, biroq 2,5 milliard so`mdan ortiq bo`lmagan miqdorda Tadbirkorlik faoliyatini qo`llab-quvvatlash davlat jamg`armasi kafilligi asosida ta`minlanadi;

- tijorat banklarining milliy valyutada ajratiladigan, foiz stavkasi Markaziy bank asosiy stavkasining 1,5 baravaridan oshmagan kreditlari bo`yicha foiz stavkasining asosiy stavkadan oshgan, biroq asosiy stavkaning 30 foizidan ko`p bo`lmagan qismini qoplash uchun Jamg`arma hisobidan kompensasiya taqdim etiladi.

2024 yil 1 martgacha Qashqadaryo viloyati Kasbi tumanida barcha suv kirish nuqtalari boshqaruvini raqamlashtirish va suvni foydalanuvchilarga etkazib berish bo`yicha tajriba-sinov loyihasi amalga oshiriladi.

Suv etkazib beruvchi tashkilotlar va suv iste`molchilari o`rtasida rasmiylashtirilgan dalolatnomalarni har oy yakuni bilan elektron shaklda to`ldirish hamda elektron raqamli imzolar orqali tasdiqlash imkonini beruvchi “Suv hisobi” axborot tizimi yaratiladi.

2025 yil 1 yanvardan quyidagi tartib joriy etiladi:

- respublikaning barcha hududlarida “Suv hisobi” AT joriy qilinadi;

- qishloq xo`jaligi erlarini sug`orishda ishlatilgan suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqlarni hisoblashda “Suv hisobi” AT orqali taqdim etilgan ma`lumotlar asosida soliq organlari tomonidan soliq hisobotlarini avtomatik shakllantirib berish amaliyoti joriy etiladi.

2023 yil avgustgacha 2022 yilda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilgan hamda subsidiya mablag`larining 50 foizini olgan qishloq xo`jaligi ishlab chiqaruvchilariga tizimlarning ishlatilishiga qarab belgilangan subsidiya miqdorining qolgan 50 foizi tuman ishchi guruhi xulosasi asosida ajratiladi.

2023 yil 1 maygacha suv resurslaridan samarasiz foydalanish va suv xo`jaligi ob`ektlarining gidrotexnik inshootlaridan noqonuniy foydalanish yuzasidan javobgarlikni kuchaytirish bo`yicha taklif ishlab chiqiladi.

    Boshqa yangiliklar