AsosiyJamiyat

“3 nafar xodim korrupsiya bilan bog`liq harakati uchun ishdan bo`shatilgan” – Toshkent viloyati prokuraturasi

'“3 nafar xodim korrupsiya bilan bog`liq harakati uchun ishdan bo`shatilgan” – Toshkent viloyati prokuraturasi'ning rasmi

Toshkent viloyati prokurori Shavkatjon Rahimov ko`plab xodimlarni ishdan bo`shatib, majburan pensiyaga chiqargani yoki quyi lavozimga tushirgani haqida viloyat prokuraturasi xodimlarining murojaati e`lon qilingandi.

 Holat yuzasidan munosabat bildirgan viloyat prokuraturasining ma`lum qilinishicha,  jami 303 nafar xodim xizmat qiladi. Joriy yilning o`tgan davrida 6 nafar xodim pensiyaga chiqarilgan, 4 nafari o`z xohishiga ko`ra bergan arizasiga asosan egallab turgan lavozimidan ozod etilgan, korrupsiya bilan bog`liq nojo`ya xatti-harakatlarni sodir etgan 3 nafar xodim prokuratura organlari tizimidan bo`shatilgan.

“Viloyat prokurorining murojaatlar bilan ishlash bo`yicha sobiq yordamchisi A.Mahmudov, agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirishga oid qonunchilik ijrosi ustidan nazorat bo`limi prokurori X.Turdiboev, jinoiy sud ishlarini yuritishda prokuror vakolatini ta`minlash bo`limi prokurori X.Ahmedov 60 yoshga to`lganligi munosabati bilan; 20 yillik ish stajiga ega bo`lgan Ohangaron shahar prokurori A.Abdunabiev, Zangiota tuman prokurorining o`rinbosari D.Mahmudov, agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirishga oid qonunchilik ijrosi ustidan nazorat bo`limi prokurori A.Toirov “O`zbekiston Respublikasi Prokuraturasi organlari va muassasalarida xizmatni o`tash to`g`risida”gi Nizomga muvofiq, o`z arizalariga asosan pensiyaga chiqishgan.

O`z xizmat vazifalarini lozim darajada bajarmagan va yuklatilgan topshiriqlar ijrosini ta`minlay olmagan xodimlar belgilangan tartib asosida quyi lavozimga o`tkazilgan.

2023 yilning 1-choragi yakuni bo`yicha xodimlarning barchasiga to`liq mukofot pullari to`lab berilgan. Bundan tashqari, 54 nafar xodimga moddiy yordam pullari ajratilgan.

Tarqalgan xabarda qudasi, deya aytilgan Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish bo`limi boshlig`i M.Egamberdiev Shavkatjon Rahimovning qudasi emas. U o`z ish faoliyatini 1998 yildan buyon prokuratura organlarida turli lavozimlarda halol xizmat qilib kelgani, bilim va kasbiy malakaga ega bo`lgani sababli bosh prokurorning buyrug`i bilan mazkur lavozimga tayinlangan. Ma`lumot uchun keltirilishicha, Sh.Rahimovning ikki qudasi bo`lib, biri o`qituvchi va biri ijro hokimiyatida ishlaydi.

Toshkent viloyati prokurorining Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo`yicha katta yordamchisi A.Toshpo`latov xizmatda yo`l qo`ygan kamchiliklari uchun bosh prokurorning 2023 yil 1 apreldagi tegishli buyrug`i bilan lavozimidan ozod etilgan”, — deyiladi prokuratura munosabatida.

    Boshqa yangiliklar