Prezident Shavkat Mirziyoev 3 aprel kuni ijtimoiy soha ob`ektlarining isitish tizimlarini modernizasiya qilish chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan yig`ilish o`tkazdi.
Bugungi kunda 15 mingta ijtimoiy soha ob`ektida isitish tizimlari ta`mirtalab. Oqibatda ularda issiqlik energiyasining 35 foizi yo`qotilmoqda, issiqlik harorati me`yorga nisbatan 2 baravar past.
Shu bois Bo`ston tumanida isitish tizimini xususiy sheriklik asosida yangilash va boshqarish bo`yicha tajriba o`tkazilgan edi. Isitish qozonlari zamonaviylariga almashtirilgan hamda tarmoqlar modernizasiya qilinib, xususiy boshqaruvga berilgan. Natijada energiya sarfi kamayib, binolar ichidagi harorat ko`tarilgan. Ayniqsa, o`tgan qishdagi anomal sovuq davrida ham ob`ektlarda mo``tadil harorat saqlab turilgan.
Yig`ilishda ushbu tajribani ommalashtirish bo`yicha takliflar muhokama qilindi. Unga ko`ra, isitish tizimi tadbirkorlarga 10 yilga boshqaruvga beriladi va ularning xizmatlari davlat tomonidan sotib olinadi. Tarmoqlar modernizasiyasi uchun zarur mablag`ning yarmi byudjetdan, yarmi xususiy sherik hisobidan ajratiladi. Isitish qozonlarini ishlab chiqarishga kerakli butlovchi qismlar ikki yil muddatga bojxona bojidan ozod qilinadi.
Davlatimiz rahbari bu takliflarni ma`qullab, tashkiliy va moliyaviy masalalar bo`yicha ko`rsatmalar berdi.
Mutasaddilarga tuman va shaharlardagi ijtimoiy ob`ektlarning isitish tizimlarini xatlovdan o`tkazib, bosqichma-bosqich yangilash, ularni boshqarishga salohiyatli tadbirkorlarni jalb etish topshirildi. Binolarda energiya yo`qotilishini kamaytirish, issiqlikni saqlash choralarini ko`rish zarurligi ta`kidlandi. Investorlar ishtirokida energiya tejamkor isitish qozonlari ishlab chiqarishni yo`lga qo`yish bo`yicha topshiriq berildi.
Yig`ilishda ko`mir ta`minoti masalasiga ham to`xtalib o`tildi.
So`nggi yillarda yurtimizda ko`mir qazib chiqarish 3 million tonnadan 5,4 million tonnaga oshgan. Bu yil esa salkam 6 million tonna qazib olish rejalashtirilgan. Lekin ko`mirga talab bundan ancha ko`p.
Prezidentimiz istiqbolli konlarni o`zlashtirishga xususiy sektorni va yangi texnologiyalarni jalb qilish, ko`mirning sifatini oshirish bo`yicha ko`rsatmalar berdi.






