Ukrainaning «Yuriya-Farm» farmasevtika kompaniyasi ETTBning 10 million evro miqdoridagi moliyaviy ko`magi asosida O`zbekistonning «Reka-Med» kompaniyasini sotib oldi. Bu haqda Forbes Ukraine xabar berdi.
Ma`dum qilinishicha, ushbu bitim O`zbekistonda yuqori talabli farmasevtika mahsulotlarini ishlab chiqarishni yo`lga qo`yish va «Yuriya-Farm»ning Ukraina ichki bozorida mahsulot ishlab chiqarish quvvatlarining qariyb 10 foizini bo`shatish imkonini beradi.
«Yuriya-Farm» Ukrainadagi eng yirik beshta farmasevtika ishlab chiqaruvchilardan biri bo`lib, o`z mahsulotlarini dunyoning 40 dan ortiq mamlakatlariga eksport qiladi. Kompaniya ETTB bilan 2019 yilning may oyida 25 million evro miqdoridagi dastlabki kredit shartnomasini imzolagan bo`lib, uning ikki transhi qadoqlash liniyalarini modernizasiya qilish, arzon individual dozalarda saratonga qarshi dori-darmonlarni ishlab chiqarishni yo`lga qo`yish va energiya samaradorligini oshirish chora-tadbirlarini amalga oshirishga mo`ljallangan edi.
10 million evrolik transhga O`zbekistonning «Reka-Med» kompaniyasini sotib olinishi «Yuriy-Farm»ga rentabellikni oshirish va ishlab chiqarishni Ukrainadan tashqarida joylashtirish orqali ishlab chiqarish xatarlarini diversifikasiya qilish imkoniyatini yaratish bilan birga, Ukraina va O`zbekiston bozorlarini arzon narxdagi dori vositalari bilan ta`minlash imkoniyatini beradi.
ETTBning Sharqiy Evropa va Kavkaz bo`yicha boshqaruvchi direktori Matteo Patronening so`zlariga ko`ra, kelishuv «Yuriya-Farm»ga o`z mahsulotining 30 foizini eksport qilish imkonini beradi, shundan 15 foizi O`zbekistonga to`g`ri keladi. Shuningdek, u ushbu kelishuv O`zbekistonda ham, Ukrainada ham dori vositalarining mavjudligi va foydalanish imkoniyatini yaxshilashini ta`kidladi.
Aytib o`tish kerakki, Ukraina farmasevtika ishlab chiqaruvchisi nafaqat O`zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo bozoriga kirishi orqali o`z biznesini kengaytiradi. O`z navbatida bu kelishuv O`zbekiston bozoriga yangi farmasevtika mahsulotlari kirib kelishi va farmasevtika sanoatini yanada rivojlantirish uchun imkoniyat yaratadi.






