AsosiyDunyo

Peterburgdagi portlashda gumonlangan ayol qo`lga olindi. U O`zbekistonga uchib ketmoqchi bo`lgan

'Peterburgdagi portlashda gumonlangan ayol qo`lga olindi. U O`zbekistonga uchib ketmoqchi bo`lgan'ning rasmi

Sankt-Peterburgdagi kafeda «harbiy muxbir» Vladlen Tatarskiyning o`limiga sabab bo`lgan portlashga aloqadorlikda gumon qilingan 26 yoshli Darya Trepova qo`lga olindi. Rossiya IIV tomonidan e`lon qilingan videoda u Tatarskiy bilan uchrashuvga haykalcha olib kelganini tan oladi. Taxminga ko`ra, unda portlovchi moddalar bo`lgan.

«Sankt-Peterburgdagi kafeda sodir bo`lgan portlashga aloqadorlikda gumon qilinib, RTQ xodimlari tezkor xizmatlar bilan birgalikda Darya Trepovani qo`lga oldi. U bilan zarur tergov harakatlari olib borilmoqda. Jinoyat sabablari aniqlanmoqda», deb xabar berdi Rossiya Tergov qo`mitasi (RTQ).

Ichki ishlar vazirligi aniqlik kiritishicha, Trepova ijaraga olingan kvartirada ushlangan. Mahalliy OAVga ko`ra, u O`zbekistonga chiqib ketishni rejalashtirib, chipta sotib olgan.

Shuningdek, idora qiz kafega haykalcha olib kelgani tasvirlangan videoni ham taqdim etdi. Undan bu haykalchani kim berganini so`rashganda, u keyinroq aytaman deb javob qaytaradi.

Milliy aksilterror qo`mitasi (MAQ) kafedagi portlashni terrorchilik harakati sifatida baholadi. Qo`mita ma`lumotlariga ko`ra, «Ukraina maxsus xizmatlari tomonidan Navalniyning Korrupsiyaga qarshi kurash fondi bilan hamkorlik qilgan shaxslardan agentlarni jalb qilgan. Hibsga olingan Trepova ularning faol tarafdori bo`lgan».

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ham voqeani terakt deb atadi. Peskovning so`zlariga ko`ra, bu Kiev tomonidan tashkil etilgan bo`lishi mumkin. «Kiev rejimi terrorchilik harakatlarini qo`llab-quvvatlaydi va, ehtimol, 2014 yildan beri ko`plab boshqa odamlar kabi Vladlen Tatarskiyning o`ldirilishi ortida turgandir – shuning uchun ham «maxsus operasiya» o`tkazilmoqda», dedi u.

Ukraina prezidenti devoni rahbari maslahatchisi Mixaylo Podolyak bir kun avval Sankt-Peterburgdagi portlashda Kievning aloqasi borligini rad etib, buni «ichki terrorizm» deb atagandi.

O`z navbatida, Aleksey Navalniyning sherigi Ivan Jdanov Rossiya rasmiylarining terakt va Navalniy tuzilmalarining bunga aloqadorligi haqidagi bayonotlarini «kutilgan gaplar» deb atadi.

«Tabiiyki, biz bu bilan shug`ullanmaymiz», deb yozdi Jdanov o`z telegram-kanalida. «Ular uzoq vaqtdan beri terrorizmni bizga to`nkamoqchi bo`lishyapti. Va yaqin kelajakda Navalniy ustidan sud bo`ladi. Albatta, ular Navalniyga maksimal uzoq muddat berishni rejalashtirmoqda va terrorizm ayblovi buning uchun juda qulaydir».

«Ijodiy oqshom»dagi portlash

Tatarskiy (haqiqiy ismi Maksim Fomin) yakshanba kuni kechqurun o`zining «ijodiy kechasi» o`tkazilgan Sankt-Peterburgdagi Street Food Bar № 1 kafesida sodir bo`lgan portlash oqibatida halok bo`ldi.

Guvohlarning so`zlariga ko`ra, o`zini Anastasiya deb tanishtirgan mehmonlardan biri Tatarskiyga haykalcha sovg`a qilganidan ko`p o`tmay portlash sodir bo`lgan.

OAV ma`lumotlariga ko`ra, «portlovchi moddalar solingan» haykalchani aynan Darya Trepova «harbiy muxbir»ga topshirgan. Biroq bu ma`lumot rasman tasdiqlanmagan.

3 aprel kuni ertalab Ichki ishlar vazirligining qidiruv ma`lumotlar bazasida Tatarskiyning o`limiga aloqadorligi sababli ismi ko`rsatilgan 26 yoshli Darya Trepova haqida ma`lumot paydo bo`ldi.

    Boshqa yangiliklar