2022 yilning 5-11 dekabr kunlarida Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Raqamli rivojlanish departamenti tomonidan geonom.tashkent.uz saytida shahar metropoliteni erusti liniyasining "Do`stlik-Qo`yliq" va "Olmazor-Sergeli" yo`nalishlaridagi 19 ta bekatiga nom berish bo`yicha takliflar yig`ilgan. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi xabar berdi.
Mazkur takliflar orasidan taniqli olimlar, tarixchilar, filologlar, toponimistlar va boshqa soha mutaxassis-ekspertlari, shuningdek, OAV vakillari, blogerlardan iborat Ishchi guruh "Geografik ob`ektlarning nomlari to`g`risida"gi qonun talablari asosida hamda davlat tilida toponimlar yozilishining belgilangan qoidalariga muvofiq, kelib tushgan takliflardan har bir bekat uchun eng moslarini tanlab olishgan.
Toshkent shahar hokimligi ushbu bekatlarga nom berish bo`yicha takliflar tayyorlash davomida mahalliy aholi fikrini o`rganish maqsadida poytaxt ahlini ovoz berish yo`li bilan ushbu jarayonda ishtirok etishga taklif qilmoqda.
Ovoz berish joriy yilning 4 aprel kunidan 18 aprelga qadar davom etadi.






