Agar tutayotgan ro`zangizning savobini ko`paytirishni istangiz, Ro`za ibodatingizga ruh kiritmoqchi bo`lsangiz, unda ro`zaning sunnatlariga amal qiling....
Ulardan birinchisi – hatto bir ho`plam suv bilan bo`lsa ham saharlik qilish.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Saharlik qilish barakadir. Uni bir qultum suv ichib bo`lsa ham tark etmang. Chunki Alloh va Uning farishtalari saharlik qiluvchilarga salavot aytadilar”, deganlar (Imom Ahmad rivoyati).
- ikkinchisi – iftorlikni vaqti kirishi bilan tezlashtirish. “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam (shom) namozini o`qimasdan avval bir necha xo`l xurmo bilan, agar xurmo xo`l bo`lmasa, xurmo qoqisi bilan, agar u ham bo`lmasa, bir necha xo`plam suv bilan og`iz ochar edilar” (Abu Dovud, Imom Termiziy rivoyati).
- uchinchisi – iftorlikda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning duolarini qilish.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam og`zini ochsalar: “Zahabaz zomau vabtalatil uruuq va sabatal ajru, inshaalloh”
“Chanqoq ketdi va tomirlar ho`llandi va inshaalloh ajr sobit bo`ldi”, deb aytardilar (Abu Dovud rivoyati).
- to`rtinchisi – ro`zadorlarga iftorlik qilib berish.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim ro`zador kishiga iftorlik qilib bersa, u kishiga ham ro`za tutganning ajridek savob beriladi. Bu bilan ro`zadorning ajridan hech bir narsa kam bo`lmas”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).
- beshinchisi – Allohning zikri bilan mashg`ul bo`lish.
- oltinchisi – Qur`oni karimni ko`proq tilovat qilish.
- ettinchisi – duo, sadaqa qilish, yaxshilikka chaqirish, yomonliklardan qaytarish, bemorlarni ziyorat qilish, qavm-qarindoshlar bilan silai rahmni bog`lash.
Ramazon g`animat oyidir. Bu oy iymonni kuchaytirish, Jannatni qo`lga kiritish hamda do`zaxdan omonda bo`lish uchun imkoniyatdir.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ramazon kirsa-yu, so`ngra oy chiqqanda gunohi mag`firat qilinmagan kimsaning burni erga ishqalansin”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Alloh taolo bu oyning fazilatlaridan to`liq bahramand etsin. Ramazondan gunohlardan poklangan holda chiqimizga tavfiq bersin!
Manba: muslim.uz