AsosiyJamiyat

Qo`qonda qizlarning yotoqxonasiga o`rnatilgan yashirin kamera ma`muriy va jinoiy javobgarliklarni yuzaga keltiradi

'Qo`qonda qizlarning yotoqxonasiga o`rnatilgan yashirin kamera ma`muriy va jinoiy javobgarliklarni yuzaga keltiradi'ning rasmi

Avvalroq, Qo`qon pedagogika institutida qizlarning yotoqxonasiga yashirin kamera o`rnatilgani haqida xabar bergan edik. 

Ushbu holat yuzasidan Inson huquqlari bo`yicha Milliy markaz rasmiy bayonot berdi.

Unga ko`ra, yotoqhona komendanti “Wi-Fi” signali yo`qolib qolayotgani sababli uni kuchaytiruvchi moslama o`rnatilishi lozimligini aytib, institut yotoqxonasining talaba qizlari yashovchi xonasiga moslama o`rnattirgan.

Qizlar moslamadan shubhalanib uni echib olishgan va mutaxassislarga ko`rsatishganida bu yashirin kamera ekanligi, uning 128 GB xotirasi borligi va yozib olingan ma`lumotlarni onlayn uzatish imkoniyatiga egaligi ma`lum bo`lgan. Kamera xotirasiga qizlarning kiyimsiz videolari va boshqa holatlar yozib olingan.

Ushbu masalada qizlar Ichki ishlar bo`limiga murojaat qilgan. Ayni paytda holat profilaktika inspektori tomonidan o`rganilmoqda. O`rganish natijalariga ko`ra talaba qizlarning keltirgan vajlari o`z tasdig`ini topsa, ularning bir qator huquqlari buzilgan hisoblanadi.

Jumladan, Inson huquqlari umumjahon deklarasiyasi 12-moddasida hech kimning shaxsiy va oilaviy hayotiga o`zboshimchalik bilan aralashish, uy-joyi daxlsizligiga, uning yozishmalaridagi sirlarga yoki uning nomus va sha`niga o`zboshimchalik bilan tajovuz qilinishi mumkin emasligi belgilangan.

Xuddi shunga o`xshash norma Fuqarolik va siyosiy huquqlar to`g`risidagi xalqaro paktning 17-moddasida ham nazarda tutilgan. Shuningdek, har bir inson bunday aralashuv yoki tajovuzdan qonun orqali himoya etilish huquqiga ega ekanligi belgilangan.

O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi 27-moddasida: “Har kim o`z sha`ni va obro`siga qilingan tajovuzlardan, shaxsiy hayotiga aralashishdan himoyalanish va turar joyi daxlsizligi huquqiga ega. Hech kim qonun nazarda tutgan hollardan va tartibdan tashqari birovning turar joyiga kirishi, tintuv o`tkazishi yoki uni ko`zdan kechirishi, yozishmalar va telefonda so`zlashuvlar sirini oshkor qilishi mumkin emas”, deb belgilangan.

Ta`kidlash joizki, shaxsning shaxsiy hayot daxlsizligi qonun bilan muhofaza qilinadi. Uning buzilishi esa fuqarolik, ma`muriy va jinoiy javobgarlikni yuzaga keltiradi.

Xususan, O`zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksning 100-moddasida (Sha`n, qadr-qimmat va ishchanlik obro`sini himoya qilish), fuqaro o`zining sha`ni, qadr-qimmati yoki ishchanlik obro`siga putur etkazuvchi ma`lumotlar yuzasidan, basharti bunday ma`lumotlarni tarqatgan shaxs ularning haqiqatga to`g`ri kelishini isbotlay olmasa, sud yo`li bilan raddiya talab qilishga haqli ekanligi belgilangan.

O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 461-moddasi (Shaxsiy hayot daxlsizligini buzish) shaxsning shaxsiy yoki oilaviy sirini tashkil etuvchi shaxsiy hayoti to`g`risidagi ma`lumotlarni uning roziligisiz qonunga xilof ravishda yig`ish yoki tarqatish uchun – ma`muriy;

O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksning 1411-moddasi (Shaxsiy hayot daxlsizligini buzish) shaxsning shaxsiy yoki oilaviy sirini tashkil etuvchi shaxsiy hayoti to`g`risidagi ma`lumotlarni uning roziligisiz qonunga xilof ravishda yig`ish yoki tarqatish uchun – jinoiy javobgarlikni yuzaga keltiradi.

Shuningdek, ushbu holatda shaxsga doir ma`lumotlar to`g`risidagi qonunchilikni buzish holatini ham ko`rish mumkin. Bu, o`z navbatida, boshqa ma`muriy va jinoiy javobgarliklarni yuzaga keltiradi.

 

 

 

 

    Boshqa yangiliklar