O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi ommaviy axborot vositalariga Sergeli tumanida ayol o`zi va bolalarini o`ldirgani bo`yicha tasdiqlanmagan ma`lumotlar, shuningdek, marhuma va uning yaqinlariga oid shaxsiy axborotlarni e`lon qilmaslik bo`yicha ogohlantirish bilan chiqdi.
Qayd etilishicha, Sergeli tumanida ayol kishi uch nafar farzandini o`ldirib, so`ng o`z joniga qasd qilganligi holati yuzasidan Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
“Hozirgi kunda sodir bo`lgan voqea bilan bog`liq holatlar yuzasidan turli ijtimoiy tarmoqlarda surishtiruvlar o`tkazilib, vafot etgan shaxs hamda uning yaqin qarindoshlarining shaxsiy hayoti, sha`niga doir ma`lumotlar har xil talqin qilingan holda ommaviy axborot vositalarida tarqatib kelinmoqda.
Tarqatilayotgan ushbu ma`lumotlar tergovning ob`ektiv va xolisona olib borilishiga xalaqit qilmoqda.
Jinoyat-prosessual kodeksi talablaridan kelib chiqib, tergov harakatlari olib borilayotgan vaqtda shaxsga doir ma`lumotlarni tarqatish va tergovga aralashish qonun bilan taqiqlanishini eslatib o`tamiz”, deyiladi Bosh prokuratura bayonotida.
Shuningdek, bayonot so`ngida, Bosh prokuratura ommaviy axborot vositalari vakillari va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarini tergov tugaguniga qadar tarmoqlarda ushbu fojiaga oid ma`lumotlarni tarqatmaslik va fuqarolar shaxsiy hayotini muhokama qilmaslikka chaqirgan.
Tergov natijasi haqida qo`shimcha ravishda ma`lum qilinadi.






