AsosiyDunyo

Eron hukumati xijobsiz ayollarni aniqlash va jazolash uchun jamoat joylariga kameralar o`rnatmoqda

'Eron hukumati xijobsiz ayollarni aniqlash va jazolash uchun jamoat joylariga kameralar o`rnatmoqda'ning rasmi

Eron hukumati jamoat joylariga kuzatuv kameralarini o`rnatishni boshlaganini, ular yordamida hijob kiymagan ayollarni aniqlashini ma`lum qildi. Bu haqda  Reuters xabar bergan.

Eron polisiyasi hisobotida qayd etilishicha, shu tarzda aniqlangan “qoidabuzarlar”ga oqibatlari haqida ogohlantiruvchi xabarlar yuboriladi. Eron huquq-tartibot idoralariga ko`ra, bu “hijob qonuniga qarshilik ko`rsatish”ning oldini olishga yordam beradi.

Eslatib o`tamiz, o`tgan yilning 14 sentyabr kuni 22 yoshli Mahsa Amini hijobni noto`g`ri kiygani uchun polisiya o`rinbosari tomonidan qo`lga olingan edi. So`roqdan so`ng u kasalxonaga etkazilgan va u erda komaga tushib, 16 sentyabr kuni vafot etgan. Rasmiylar o`limga yurak xuruji sabab bo`lganini aytishdi. Biroq marhumning yaqinlari so`roq paytida u qattiq kaltaklanganini iddao qildi.

Hodisadan so`ng Eronni keng ko`lamli namoyishlar qamrab oldi. Mamlakat Ichki ishlar vazirligi ma`lumotlariga ko`ra, tartibsizliklar paytida 200 kishi halok bo`lgan. Mustaqil nohukumat tashkilotlarga ko`ra, qurbonlar soni 500 kishidan oshadi. 4 dekabr kuni Eron rahbariyati ahloq polisiyasini tugatdi.

Ma`lumot uchun: Eron hukumati 1979 yilgi islom inqilobidan so`ng qat`iy diniy qonunlarni joriy qildi. Unga ko`ra ayollar boshlarini hijob bilan o`rashlari shart. Qonunni buzgan shaxslar jarima yoki qamoq jazosiga tortiladi.

    Boshqa yangiliklar