AsosiyJinoyat

Toshkentda o`z onasini o`ldirib, erto`laga ko`mib qo`ygan o`g`ilga sud hukmi o`qildi

'Toshkentda o`z onasini o`ldirib, erto`laga ko`mib qo`ygan o`g`ilga sud hukmi o`qildi'ning rasmi

Toshkentda o`z onasini qasddan o`ldirgan o`g`ilga sud hukmi o`qildi. Bu haqda "darakchi.uz"ga Toshkent shahar sudi matbuot kotibi Sadoqat Allaberganova xabar qildi. Ma`lum qilinishicha, bir muddat avval o`g`il onasini begona erkakdan rashk qilishi oqibatida o`zaro kelishmovchilik yuzaga kelgan bo`lgan. Natijada o`tmas jism bilan onasining bosh qismiga bir necha marta urib, qo`lida bo`lgan oshxona pichog`i bilan uning o`ng tomon bo`yin orqa yuzasini sanchib-kesib, qasddan o`ldirgan. 

Sud majlisida jabrlanuvchining qonuniy vakili tariqasida so`roq qilingan mahalla raisining bayon qilishicha, ko`p qavatli uydagi xonadonda marhuma va o`g`li istiqomat qilishgan. 

— Sudlanuvchi aqli zaifligi sababli, o`zini noodatiy ravishda tutib kelgan. Shu bois mahallada yoki uyda turli nomaqbul ishlarni qilib qo`ymasligi uchun bir necha marta o`g`lini ruhiy davolash muassasasiga joylashtirish to`g`risida aytganimda, "o`g`lim yakka, uni jamiyatdan ajratmaslikka harakat qilaman", degandi. Biroq bu oila notinch yoki muammoli oilalar turkumiga kirmagan. Oila o`ziga to`q yashagan. Bir necha marta sudlanuvchini ishga joylashtirilgan. Biroq sudlanuvchi ishlamasligini ma`lum qilgan. Onasi esa uni o`zi boqishini aytgan. Bir necha oy avval marhuma va o`g`li o`zaro janjallashib qolishgandi. Ular pod`ezdda janjallashishayotganda mahalla faollari va mahalla noziri ularga tushuntirish berishimizga qaramasdan, hattoki mahalla nozirining talablariga bo`ysunishmagan. Janjal sababi esa sudlanuvchi onasining hayotiga aralashib, erkak kishi bilan uchrashgani uchun uni qizg`angan va urishgan. Ular ma`muriy huquqbuzarlik sodir qilganligi bois javobgar ham qilingan. Biroq sudlanuvchi yurish-turishini to`g`rilamagan. Mahalla faollari va nozir bilan maslahatlashib, o`sha vaqtda ruhiy davolash maqsadida psixiatrik naryad chaqirilib, davolashga jo`natilgan. Oradan 40 kun o`tgach, sudlanuvchi davolanishdan chiqqan, lekin nomaqbul harakatlari yo`qolmagan. Voqea sodir bo`lgan kuni bir fuqaro sudlanuvchining tungi soat 02:30 larda uyning erto`lasida fonar bilan yurganini ko`rgan ekan, - dedi qonuniy vakil. 

Ma`lum bo`lishicha, o`g`il sodir etgan jinoyatini yashirish maqsadida onasining jasadini o`zi yashab kelayotgan xonadonning erto`lasiga ko`mib qo`ygan. U jinoyati fosh bo`lishidan qo`rqib, profilaktika inspektoriga onasini qidirib topishda yordam so`rab, murojaat qiladi. Uning murojaatiga asosan tezkor qidiruv xodimlari tomonidan ayolning yashash xonadoni erto`lasi ko`zdan kechirilganda jasad qotillik alomatlari bilan topilgan.

Sud tibbiyot ekspertizasining xulosasiga ko`ra, ayolning o`limi bosh miya yopiq jarohati fonida, bo`yin qon tomirlari va yumshoq to`qimalarining shikastlanishiga olib kelgan va bo`yin orqa yuzasi o`ng tomonlama kesilgan yarasi oqibatida kelib chiqqan tashqi qon yo`qotishdan yuz berganligi aniqlangan. 

Sud psixotrik ekspertizasining xulosasiga ko`ra esa sudlanuvchi ruhiy sog`lom deb topilgan.

«BIR AMALLAB ERTO`LAGA SUDRAB OLIB TUShDIM»

"O`sha tunda onam uxlashimni, ertasi kuni ertalabdan bozorga tushishimizni aytdi. Yarim tunda uyg`onib ketdim, soat 02:00 edi. Onam menga idishda suv olib keldi va "ichib ol", dedi. Kosadagi suvni ichib, uxlab qoldim. 20 daqiqa o`tgach yana uyg`ondim. O`sha vaqt onam meni urayotganini angladim. Bu holat uyning mehmonxonasida sodir bo`ldi. Onam balkondan temirdan yasalgan idishni olib kelib, tizza va oyoqlarimga urdi va oshxona pichog`ini ko`tarib keldi, menga tiqmoqchi bo`ldi. Pichoq ushlagan qo`lidan ushlab, oshxonaga qamab qo`ydim. U erdan chiqib, pichoq bilan tashlanmoqchi bo`ldi. O`sha vaqt qo`lidan ushlab oldim va onamni o`ldirish maqsadida pichoqni uning bo`yin qismiga tiqdim. Shu payt onam yiqilib, peshonasi bilan devorga urildi. Erga yiqildi, boshi pastga qaragan holda yotardi. Uning boshini orqa qismidan ushlab turdim, bo`yin qismidan qon keta boshladi. Onam qo`limdan chiqmoqchi bo`ldi, men esa boshini erga qaratib bir necha marta urdim va joni uzilganini sezdim. Jasadni uydan yo`qotish maqsadida ko`tarishga harakat qildim. Vazni og`irligi sababli ko`tarishga qiynaldim. Qo`l-oyoqlarini erto`ladan olib chiqqan eski latta bo`lagi bilan bog`ladim va sudrashga qaror qildim. Uydan tashqariga chiqib yon atrofni ko`zdan kechirdim. Hech kim yo`qligiga amin bo`lgach, erto`laga murdani ko`mish maqsadida chuqur qazib tayyorladim. Murdani bir amallab erto`laga sudrab olib tushdim. Tayyorlab qo`yilgan erto`la ichidagi chuqurga ko`mib tashladim. Hech kim bilmasligi uchun ustini yopib qo`ydim. Oshxonadagi qon izlarini yo`qotish maqsadida ko`rpacha, palas, xontaxta va stuldagi qon dog`larini nam latta bilan tozaladim. Latta va ustimdagi kiyimlarni echib, ularni yuvdim. Qon dog`lari bo`lgan paketlarni ham musor idishga tashlab yubordim. Oradan 2-3 kun vaqt o`tgandan so`ng Ichki ishlar organi xodimlariga borib, "onam yo`qolib qoldi", dedim" - deydi qilmishidan pushaymonligini bayon qilgan sudlanuvchi.

Abdulla Abdulxaev, jinoyat ishlari bo`yicha Shayxontohur tuman sudi sudyasi:

— SudlanuvchiJinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o`ldirish) 1-qismi bilan aybdor deb topildi va 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

 

 

    Boshqa yangiliklar