O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 12 aprel kuni bo`lib o`tgan tantanali marosimda favqulodda va muxtor elchilar - Falastin Davlatidan Javad Avvad, Yaponiyadan Xatori Takashi, Qatar Davlatidan Hasan Hamza Hoshim, Slovakiya Respublikasidan Viktor Boreski va Pokiston Islom Respublikasidan Ahmad Farukning ishonch yorliqlarini qabul qilib oldi.
Davlatimiz rahbari mamlakatimizga yangi tayinlangan diplomatik missiyalar rahbarlarini samimiy qutlab, O`zbekistondagi faoliyatini boshlagani bilan tabrikladi.
Prezidentimiz o`z nutqida ziddiyatlar va mojarolar keskinlashib borayotgan murakkab xalqaro vaziyatda barcha mamlakatlar bilan o`zaro ishonch va hurmatga asoslangan tashqi siyosatni amalga oshirishning ahamiyati tobora ortib borayotganini alohida ta`kidladi.
- Xalqaro hamjamiyat uchun yanada ochiq va samimiy hamkor bo`lishga astoydil intilamiz. Buning uchun bizda siyosiy iroda, qat`iyat, eng muhimi, imkoniyat va etarli salohiyat bor, - dedi Prezident.
Marosim davomida davlatimiz rahbari yangi elchilar vakillik qilayotgan mamlakatlar bilan ko`p qirrali va o`zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishning istiqbolli yo`nalishlariga alohida to`xtalib o`tdi.
- O`zaro manfaatli almashinuvlarni rivojlantirish uchun Falastin davlat tashkilotlari va xususiy biznes vakillarining mamlakatimizga tashriflarini tashkil etish taklif qilindi.
- Rejalashtirilgan ko`p tomonlama tadbirlar, BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlik, shuningdek, “Markaziy Osiyo – Yaponiya” muloqoti O`zbekiston va Yaponiya o`rtasidagi sheriklikni izchil davom ettirishda muhim ahamiyatga egaligi qayd etildi.
- Bo`lajak O`zbekiston-Qatar sammiti ikki mamlakat munosabatlarini sifat jihatidan yangi darajaga olib chiqish sari tarixiy qadam bo`lishiga ishonch bildirildi.
Ta`kidlanganidek, energetika, qazib chiqarish, kimyo sanoati, qishloq xo`jaligi, qurilish, ekologik turizm va farmasevtika sohalaridagi yirik qo`shma loyihalar savdo-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashda katta ahamiyatga ega bo`ladi.
- O`zbekiston Slovakiyani Evropa Ittifoqida salmoqli iqtisodiy salohiyatga ega istiqbolli hamkorlaridan biri sifatida qabul qiladi.
O`zbekiston investisiya sohasida, shu jumladan tibbiyot, farmasevtika va kimyo tarmoqlarining etakchi kompaniyalari bilan birgalikda aniq loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdor.
- Afg`onistonda iqtisodiy tiklanishga ko`maklashish borasidagi qo`shma sa`y-harakatlar, shu jumladan Transafg`on temir yo`lini qurish loyihasini tezda boshlash Janubiy va Markaziy Osiyoning o`zaro bog`liqligini mustahkamlashga xizmat qilishi ta`kidlandi.Davlatimiz rahbari Pokiston tomoniga BMT shafeligida Afg`oniston bo`yicha xalqaro muzokara guruhini tashkil etish tashabbusini qo`llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirdi.
So`zining yakunida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti yangi tayinlangan xorijiy diplomatik missiyalar rahbarlariga mas`uliyatli faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi.
Tadbir doirasida har bir elchi bilan qisqa suhbat bo`lib o`tdi. Chet ellik diplomatlar ular vakillik qilayotgan mamlakatlar etakchilarining O`zbekiston rahbari va xalqiga samimiy salomi va ehtiromini etkazdi. Yurtimizda ularning diplomatik faoliyatiga yaratilgan sharoitlar hamda bugungi tadbirda ko`rsatilgan iliq qabul va alohida e`tibor uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.
Elchilar Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan aniq taklif va tashabbuslar o`zaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirishda ulkan amaliy ahamiyatga ega ekanini hamda O`zbekiston bilan keng ko`lamli hamkorlik va samarali sheriklikni yanada rivojlantirishga bor kuch-g`ayrati va tajribasini ishga solishga tayyorligini ta`kidladi.






