Qozog`iston prezidenti Qasim-Jomart To`qaev yana bir bor ilmiy jamoatchilikka qozoq tilini lotin alifbosiga o`tkazish masalasini diqqat bilan o`rganib chiqishni topshirdi.
Prezident matbuot xizmati xabariga ko`ra, 12 aprel kuni To`qaevning raisligida Milliy fan va texnologiyalar kengashining birinchi yig`ilishi bo`lib o`tgan.
“Butun jamiyatni tashvishga solayotgan yana bir o`ta dolzarb masala - qozoq tilini lotin alifbosiga o`tkazishdir. Biz, birinchi navbatda, qozoq tilini isloh qilish uchun bu imkoniyatdan foydalanishimiz kerakligini bir necha bor ta`kidlaganman. Muammo kirill alifbosidan lotinga mexanik o`tishda emas", - dedi Qozog`iston prezidenti yig`ilishda.
Shu bilan birga, davlat rahbari ushbu muammoni tezroq hal etish borasida ko`plab qo`pol xatolarga yo`l qo`yilganini ta`kidladi.
“Masalan, lotin harflarida yozilgan reklama taxtalari - bu qozoq tili emas. Ochig`i, bular tilimiz tabiatiga yot matnlardir. Shuning uchun bu ishni Fanlar akademiyasi rahbarligida davom ettirish kerak”, - dedi To`qaev .
Shuningdek, Qozog`iston prezidenti hamma narsani sinchiklab amalga oshirish juda muhimligini va shoshqaloqlikka yo`l qo`ymaslik kerakligini aytdi.
"Xatolarni takrorlashga haqqimiz yo`q... Shu bois olimlarimizga ilg`or jahon tajribasini sinchiklab o`rganib, shu asosda o`ylangan qaror qabul qilishlarini taklif qilaman", - dedi mamlakat rahbari.
2017 yil oktyabr oyida o`sha paytda mamlakat prezidenti bo`lgan Nursulton Nazarboev qozoq alifbosini 2025-yilgacha bosqichma-bosqich lotin yozuviga o`tkazish to`g`risidagi farmonni imzolagan edi. Shu bilan birga, qozoq tilining 32 harfdan iborat lotin yozuvidagi alifbosi tasdiqlangan edi. Keyinroq davlat rahbari tuzatilgan alifboni tasdiqladi, unda apostroflardan voz kechib, boshqa xarfustki belgilari kiritildi.
2019 yil oktyabr oyida Qozog`iston prezidenti To`qaev lotin alifbosiga o`tish bo`yicha tasdiqlangan alifboda nuqsonlar borligi va uni takomillashtirish zarurligini aytgan edi.
2021 yil yanvar oyida qozoq alifbosini lotin alifbosiga o`tkazish bo`yicha milliy komissiya yig`ilishi bo`lib o`tdi. Yig`ilish yakunida takomillashtirilgan alifboda qozoq tilining 28 ta tovushini to`liq qamrab olgan lotin alifbosi asosiy tizimining 31 ta belgisi kiritilgani ma`lum qilindi.
So`nggi ma`lumotlarga ko`ra, 2023 yildan 2031 yilgacha yangi alifboga bosqichma-bosqich o`tish rejalashtirilgan.






