AsosiyJamiyat

Konstitusiyaning asosiy kuchi, uning to`g`ridan – to`g`ri ishlashidir!

'Konstitusiyaning asosiy kuchi, uning to`g`ridan – to`g`ri ishlashidir!'ning rasmi

Konstitusiya loyihasining 15-moddasiga kiritilayotgan,Konstitusiyaning oliy yuridik kuchga ega bo`lib, to`g`ridan-to`g`ri amal qilishi va mamlakatning butun hududida qo`llanilishi normasi huquqiy davlatning muhim va asosiy ko`rinishlaridan biri desak, xato qilmagan bo`lamiz. Konstitusiya normalarining to`g`ridan-to`g`ri ishlashi masalasi konstitusiyaviy islohotlarning eng muhim va dolzarb vazifasi hisoblanadi. Negaki, konstitusiyada mavjud bo`lgan normalar jamiyatdagi muhim muammolarni to`g`ridan-to`g`ri tartibga solsagina, inson manfaatlariga xizmat qilsagina, uning yuridik kuchi, ta`siri seziladi va e`tirof etiladi. Konstitusiyaviy islohotlarning eng muhim maqsadlaridan biri ham xalqning konstitusiyaga bo`lgan ishonchini kuchaytirish hamda konstitusiyaviy yo`l bilan ularning hayotiy masalayu, muammolarini hal etishdir.

Davlat rahbarining Konstitusiyaviy komissiya a`zolari bilan uchrashuvda, barcha davlat organlari, mansabdor shaxslar, fuqarolarning yangi konstitusiyaviy norma va prinsiplarga og`ishmay amal qilishi, Konstitusiya to`g`ridan-to`g`ri amal qiladigan hujjat bo`lishi shartligi,  davlat organlari, ayniqsa, sudlar o`z faoliyatida Konstitusiyaga to`g`ridan-to`g`ri murojaat qilishi, uning normalariga asoslanib ish ko`rishi zarurligiga alohida e`tibor qaratilgan edi.

Qonun osti hujjatlarning nihoyatda ko`payib ketganligi hamda ularning ayrimlari bir-biriga zid bo`lib qolishi tufayli Konstitusiya normalari byurokratiya qurboniga aylanayotgan edi. Soddaroq aytganda, endi Konstitusiyani yaxshilab o`rgansak, undagi normalar va huquq-majburiyatlarni bilsak, shuni o`zi manfaatlarni himoya qilish uchun etarli bo`ladi. Hech kim Konstitusiyadan tashqari qaysidir hujjatni ro`kach qila olmaydi.

Ba`zi ijtimoiy tarmoqlarda konstitusiya normalarining hayotdagi ijrosi masalasida ba`zi e`tirozli fikr va mulohazalar bildirilmoqda. Darhaqiqat, hozirgi muhokamada bo`lgan konstitusiya loyihasining asosiy e`tiborida insonni ulug`lash va uning manfaatlariga xizmat qilish turibdi desak, ayni haqiqat bo`ladi. Ya`ni, konstitusiya normalarining to`g`ridan to`g`ri ishlashiga alohida e`tibor qaratilmoqda. 

Xorijiy mamlakatlar tajribasiga e`tibor qaratadigan bo`lsak, Germaniya Konstitusiyasining 1-moddasida, Braziliya konstitusiyasining 5- moddasi, Rossiya Federasiyasi 15-moddasi, Qozog`iston konstitusiyasi 4-moddasi, Polsha konstitusiyasining 8-moddasi, 2 qismi, Bolgariya konstitusiyasi 5-moddalarida konstitusiya normalarining bevosita to`g`ridan- to`g`ri ishlashi belgilab qo`yilgan. 

Konstitusiyaning to`g`ridan-to`g`ri amal qilinishini uchta xususiyatga qarab baholashimiz mumkin. Birinchidan, shaxsning konstitusiyada belgilangan huquq va erkinliklaridan to`g`ridan - to`g`ri foydalanishi; ikkinchidan, barcha sub`ektlarning konstitusiyada belgilangan  talab va majburiyatlarga rioya qilishi; uchinchidan, vakolatli davlat organlarining konstitusiyaviy  normalarini qo`llashi va ijrosini ta`minlashi lozim. Konstitusiyaning to`g`ridan-to`g`ri amal qilishi – ijtimoiy munosabatlarni bevosita konstitusiya normasini qo`llagan holda tartibga solish va hal etishdan iborat. 

Konstitusiyaga kiritilayotgan mazkur qoida orqali Konstitusiya normalari ularni qo`llash tartibi alohida qonunchilik hujjatlarida mavjud yoki mavjud emasligidan qat`i nazar to`g`ridan-to`g`ri amal qilishiga erishiladi.

Ushbu norma orqali ko`pchilik huquqshunos va huquqni muhofaza qiluvchi organlar uchun yagona qoida mustahamlanmoqda – ziddiyatli holatlarda milliy qonunchilikka emas, xalqaro shartnomalarga amal qilinadi. Bu esa fuqarolarning huquq va erkinliklari nafaqat milliy qonunchilik, balki xalqaro huquq asosida himoyalanishini ta`minlaydi, umume`tirof etilgan normalarning ustuvorligi va ta`sir doirasini yanada kengaytiradi, mamlakatda huquqiy demokratik davlat o`rnatilishi yanada mustahkamlaydi.

 

Sherzod Zulfiqorov,

O`zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti professori, ekspert guruhi a`zosi 

    Boshqa yangiliklar