Yangi tahridagi konstitusiyamizga kiritilayotgan hokimning bir vaqtning o`zida mahalliy kengash raisi bo`lishi normasining bekor qilinishi, hokimiyatlar bo`linish prinsipining hududlarda to`laqonli ijro etilishining zaruriy huquqiy kafolati bo`lib xizmat qiladi desak, xato qilmagan bo`lamiz. Bu konsepsual o`zgarishga muvofiq, yangi tahrirdagi konstitusiyaning 120, 121- moddalariga, xalq deputatlari Kengashiga uning deputatlari orasidan qonunga muvofiq saylanadigan rais boshchilik qilishi; viloyat, tuman, shahar hokimi lavozimini egallab turgan shaxs bir vaqtning o`zida xalq deputatlari Kengashining raisi lavozimini egallashi mumkin emasligi; tegishli hududdagi ijro etuvchi hokimiyatga viloyat, tuman va shahar hokimi boshchilik qilishi kabi muhim normalar belgilab qo`yilmoqda.
Mazkur norma acosida mahalliy darajada vakillik va ijro etuvchi hokimiyat funksiyalari ajratiladi. Hokimlarning xalq deputatlari Kengashlariga boshchilik qilishi haqidagi qoidaning chiqarilishi, ularning Kengashlar oldida mas`uliyatini oshirishga, hokimliklar faoliyati ustidan Kengash va deputatlar nazoratini kuchaytirish uchun xizmat qiladi. Qolaversa, mamlakatda amalga oshirilayotgan ma`muriy islohotlarning tizimli mantiqiy davomi bo`ladi.
Bu islohotning joriy etilishi hokimiyat vakolatlarini bo`linish prinsipini mahalliy darajada tatbiq etishga, mahalliy kengashlar faoliyati samaradorligini, hokimlarning xalq vakillari oldidagi mas`uliyatini oshirishga olib keladi. Qolaversa, hududlarda xalq manfaatlarini to`liq ta`minlashga, xalq deputatlari Kengashlarining hududlardagi mavjud muammolarni hal qilishdagi asosiy bo`g`inga aylantirishga xizmat qiladi.
Bu nima beradi degan tabiiy savol tug`ilishi mumkin?
birinchidan, bir shaxsning ikkita mustaqil tizimga rahbarlik qilish huquqi konstitusiyaviy jihatdan bekor qilinmoqda;
ikkinchidan, xalq vakillari o`zlari orasidan rahbarlik qiladigan mustaqil shaxsni demokratik tarzda saylab olish imkoniyati yaratilmoqda;
uchinchidan, hokimlarning kengash oldidagi mas`uliyati va javobgarligi kuchaytirilmoqda;
to`rtinchidan, hokimiyatlar bo`linishi va o`zaro tiyib turish mexanizmini real amalda ishlashiga zaruriy kafolat, qolaversa shu davrgacha mahalliy davlat hokimiyati tizimidagi mantiqsiz boshqaruv tizimiga so`zsiz chek qo`yapdi;
beshinchidan, mahalliy boshqaruv tizimining xalqqa yaqinlashish imkoniyatini kengaytirmoqda.
Keyingi yillarda mahalliy davlat hokimiyatini takomillashtirish va joylarda hokimiyat tarmog`lari bo`linish tamoyilini ta`minlash yo`lida qator ishlar amalga oshirildi. 2017 yil 8 sentyabrda qabul qiligan “Ma`muriy islohotlar konsepsiyasi”da mahalliy davlat hokimiyati tizimini tashkil etishda hokimiyatlar bo`linishi prinsipining amaliy ro`yobga chiqarilishini ta`minlash, alohida vazifa sifatida belgilab qo`yildi.
Yana bir muhim o`zgarishlardan biri - “Mahalliy davlat hokimiyati to`g`risida”gi Qonunga, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi faoliyatiga tashkiliy-texnikaviy va boshqa jihatlardan xizmat ko`rsatish vazifasi hokimliklar tuzilmasidan tegishli xalq deputatlari Kengashi kotibiyati zimmasiga yuklatilishi bo`yicha yangi norma kiritildi. Bu o`zgarishlar ham albatta qaysidir ma`noda mahalliy kengashlar faoliyatiga o`zining ijobiy ta`sirini ko`rsatdi.
Konstitusiyaviy qonun loyihasida mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini samarali tashkil etish, shoshma-shosharlikka yo`l qo`ymaslik maqsadida ham aniq bir normalar belgilanmoqda. Xususan, viloyat, tuman, shahar hokimi lavozimini egallab turgan shaxs bir vaqtning o`zida xalq deputatlari Kengashi raisi lavozimini egallashi mumkin emasligi haqidagi qoidalar quyidagi muddatlarda amalga oshiriladi. Xususan: viloyatlar hamda Toshkent shahar vakillik va ijro etuvchi davlat hokimiyati organlariga nisbatan 2024 yilda xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari deputatlarining navbatdagi saylovlari yakunlari bo`yicha; tuman hamda shahar vakillik va ijro etuvchi davlat hokimiyati organlariga nisbatan esa 2026 yil 1 yanvardan e`tiboran amalga kiritiladi.
Muxtasar qilib aytganda, ilgari hokim bir vaqtning o`zida ham ijroiya, ham vakillik hokimiyatiga rahbarlik qilgan. Endigi kiritilayotgan o`zgartirishlarga ko`ra, hokim faqat ijro hokimiyatiga, mahalliy Kengashlarga esa o`zlari tomonidan saylanadigan deputatlardan biri rais bo`ladi. Qolaversa, mazkur yangi norma orqali mahalliy hokimiyat organlari vakolatlari barcha sohalarda aniq va batafsil belgilanmoqda, bu orqali ayniqsa, mahalliy xalq deputatlari Kengashlarining davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtiroki kuchaytiriladi, joylardagi mahalliy aholini manfaatlarini amalda ta`minlash imkoniyatlari oshiriladi. Ushbu o`zgarishlar kelgusida mahalliy davlat hokimiyati organlarining samarali faoliyat olib borishiga xizmat qiladi.
Sherzod Zulfiqorov,
O`zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti professori, yuridik fanlar doktori, ekspert guruhi a`zosi.






